O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 28 may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani (Nyu-York, 2006 yil 13 dekabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Senatorlar ushbu Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonda nogironlar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratish imkonini berishini, qonunchilikni yanada takomillashtirish uchun dastur bo‘lib xizmat qilishini, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish va ular uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash nuqtai nazaridan davlat organlarining javobgarligini kuchaytirishini ta’kidladilar.

Xabarda qayd etilishicha, konvensiyaning qabul qilinishi nogironlarni ijtimoiy himoya qilish milliy tizimini ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, nogironlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun xalqaro va xorijiy grant mablag‘larini jalb qilish imkoniyatlarini yaratish hamda aholini ijtimoiy himoya qilish borasida O‘zbekistonning xalqaro imijini yaxshilash imkonini beradi.

Konvensiya nogironlarning huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, ularga nisbatan kamsitishga barham berish, ularning mehnat qilish, o‘z sog‘lig‘ini asrash, ta’lim olish va jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etish huquqini ta’minlash, odil sudlovga erishish, shaxsiy daxlsizligi, ekspluatatsiya qilinishdan va suiiste’mollikdan himoyalanishini, erkin harakatlanishini, shaxsiy mobilligini ta’minlashga qaratilgan 50 ta moddadan iborat.

Cyenatorlar O‘zbekiston ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilib, nogironlar uchun tegishli infratuzilmani takomillashtirish (turar joy va jamoat binolarini, transportni, bir qator xizmatlarni moslashtirish), shuningdek aholi o‘rtasida yanglish fikrlar va stereotiplarni yo‘q qilishni nazarda tutadigan axloqiy-ma’naviy yo‘l-yo‘riqlarni shakllantirish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani 2009 yilning 27 fevralida imzolagan, biroq haligacha uni ratifikatsiya qilmagan edi. Nogironlarning nodavlat tashkilotlari vakillari uzoq vaqt davomida bir necha marta ushbu hujjatni ratifikatsiya qilishning zarurligi to‘g‘risida eslatishdi.

2017 yil oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rish topshirildi.

Joriy yilning yanvarida O‘zbekistonda «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi yangi qonun kuchga kirdi.