Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida 22 yoshli ayol poyezd urib yuborishi oqibatida vafot etgan, deya xabar bermoqda IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, «Xovos-Toshkent» yo‘nalishidagi yo‘lovchi elektropoyezdi Xovos aylanma yo‘lining 2 km 6 piketida 25−30 yoshlar atrofidagi shaxsi noma’lum ayol kishini urib yuborgan. Voqea haqida xabar 24 may kuni soat 13:30 larda Sirdaryo viloyati IIB TXTB navbatchilik qismiga kelib tushgan.

Qayd etilishicha, olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida ushbu ayol 1999 yilda tug‘ilgan Xovos tumani Gulbaxor MFYda yashagan T.Sh. ekanligi hamda o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida elektropoyezd urib yuborganligi aniqlangan.

Ayol olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov ham izoh berdi. Unga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan Xovos transport prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.