Oliy Majlis Senatining 15 yalpi majlisida O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilingan.

«O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Aynan shu ko‘rsatkich bo‘yicha yurtimiz top-50 talikdan o‘rin oldi», — dedi Senat qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova.

Siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar ulushi 44 foizga, oliy ta’lim sohasida 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi, xotin-qizlar axborot-kommunikatsiya, innovatsiya, energetika, muxandislik sohalariga keng jalb etilmoqda.


«Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga yetdi. 81 ta vazirlik va idorada ilg‘or va bilimli ayollardan iborat 15 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirildi», — deya ta’kidladi senator.

Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 224 mingdan ortiq xotin-qizga jami 6,9 trln so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi, ularga Xalq banki biriktirildi, 14 ta hududda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tashkil etildi. Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqildi.

«O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda darajalarida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi. Shuningdek, Strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi», — dedi qo‘mita raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli ta’limli ta’minlash, qishloq joylarida qizlarning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olingan.

Senat vakilining so‘zlariga ko‘ra, strategiyadagi yo‘nalishlar BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova.

«Gender tenglikka erishish strategiyasi asosan, uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, qator ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshiriladi. Davlat xizmatida, ijtimoiy-iqtisodiy, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash shular jumlasidan. Shuningdek, strategiyada gender tenglikni ta’minlash tadbirlarini hisobga olgan holda davlat dasturlarini byudjetlashtirish va moliyalashtirish ham ko‘zda tutilgan», — dedi Malika Qodirxonova.

Gender strategiyasini amalga oshirish orqali quyidagilarga erishiladi:

  • Yuqori va quyi tizimdagi davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyotini kengayadi.
  • Gender nomutanosiblik mavjud bo‘lgan davlat organlarida vaqtinchalik kvotalash tizimini joriy qilish orqali xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi mutanosiblik ta’minlanadi.
  • Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan, ayniqsa qishloq joylaridagi oilalar xotin-qizlarini ish bilan ta’minlash, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilishga erishiladi.
  • Eng asosiysi — xotin-qizlarga nisbatan ish joylaridagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldi olinib, jamiyatda ularga nisbatan shakllangan salbiy qarashlarga barham beriladi.

Gender strategiyani amalga oshirish milliy va xalqaro majburiyatlar — Pekin Deklaratsiyasi va Harakatlar rejasi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya, Barqaror rivojlanish maqsadlari va boshqalarni bajarishga ko‘maklashishi ta’kidlandi.

Yakunda, bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda Senatining tegishli qarori qabul qilindi.