Ayni daqiqalarda prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda ipoteka dasturlarini amalga oshirish, ko‘p kvartirali uy-joylar massivlarini barpo etishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Jumladan, joriy yilgi «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholini uy-joy bilan ta’minlash doirasida, 7 ming 794 ta qishloq va mahallada bajarilishi lozim bo‘lgan aniq ishlar belgilanib, bunga 18 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Bundan tashqari, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash ishlariga, yana qo‘shimcha 300 mln dollar ajratdik.

Natijada, birgina ichimlik suvi ta’minoti sohasida 1 ming 300 kilometr tarmoqlar qurildi va rekonstruksiya qilindi, 8,5 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi.

O‘tgan davrda 2 ming kilometr elektr tarmoqlari tortilib, 1 mingta transformatorlar yangilandi.

«Lekin, barcha sohalar va hududlarda ham ishlar bir xilda sifatli bajarilayapti, deb bo‘lmaydi. Misol uchun, jami 256 ta (13 foiz) ijtimoiy soha obyektlarining loyiha hujjatlari ishlab chiqilmagan bo‘lsa, 600 ta (47 foiz) obyektlar bo‘yicha tender yakunlanmagan», — dedi davlat rahbari.

Shular qatorida 290 ta maktab, 164 ta bog‘cha, 110 ta tibbiyot muassasasi, 12 ta madaniyat, 22 ta mahalla va 2 ta sport obyekti bor.

Jumladan, Xorazmda — 36 ta (49 foiz), Namanganda — 68 ta (64 foiz), Toshkent viloyatida — 104 ta (64 foiz), Farg‘onada — 58 ta (50 foiz), Toshkent shahrida — 17 ta (85 foiz) obyektlar bo‘yicha tenderlar boshlanmagani tanqid qilindi.

«Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 368 ta obyektda ishlar amalga oshirilishi belgilangani bilan, hozirgacha Toshkent shahri, Navoiy, Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridan boshqa hududlarda ishlar boshlanmagan», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ramatov, Qo‘chqorov, Zokirov viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, ikki hafta muddatda barcha obyektlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini yakunlab, qurilish-ta’mirlash ishlarini boshlashi kerakligi aytildi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bir hafta muddatda bog‘cha, maktab, oilaviy shifokor punkti, poliklinika kabi ijtimoiy soha obyektlarini bo‘yicha loyiha hujjatlari yakuniga yetkazilishi kerak.

Bosh prokuror o‘rinbosari A.Mavlonov dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kunlik nazoratni kuchaytirib, har hafta kamida 2 tadan viloyatga chiqadi va muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashadi.

Shu bilan birga, dasturlarni amalga oshirishda qoloqliklar mavjud hududlarga prezident Administratsiyasi, Hukumat, Hisob palatasi va vazirliklardan mas’ul rahbarlar yil yakuniga qadar biriktiriladi:

  • Xudaybergenov — Qoraqalpog‘iston va Jizzaxga;
  • Ramatov — Qashqadaryo va Samarqandga;
  • Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.Islomov va Hisob palatasi raisining o‘rinbosari S.Saidkarimov — Toshkent viloyatiga;
  • Prezident maslahatchisining o‘rinbosari A.Usmonov — Toshkent shahriga;
  • Bobojonov — Xorazmga;
  • Mamatov — Buxoroga;
  • Parpiyev — Surxondaryoga;
  • Qo‘ldoshev — Sirdaryoga borib, barcha masalalarni joyida hal etishga yordam beradi.

Xudaybergenov, Ramatov biriktirilgan hududlardan tashqari, barcha hududlarda ishlarning borishiga hamda muammolarni joyining o‘zida hal etilishiga shaxsan mas’ul va javobgar bo‘ladilar.

Umuman, Ramatov, viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, dasturlarda joriy yil uchun belgilangan barcha ishlarni 1 oktyabrga qadar yakunlashi kerak.

Yana bir masala — joriy yilda ishga tushirilgan «Shaffof qurilish» tizimi orqali, pudratchilarni ochiq-oshkora tanlab olish natijasida, bir oyning o‘zida investitsiya dasturlari doirasida 400 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘lar iqtisod qilindi.

  • Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Samarqand va Sirdaryoda — 40 mlrd so‘mdan;
  • Xorazmda — 35 mlrd so‘m;
  • Buxoro, Jizzax, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida — 30 mlrd so‘mdan iqtisod qilingan.

Ramatov, Qo‘chqorov, Musayev viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, ikki hafta muddatda tenderlardan iqtisod qilingan mablag‘larni tegishli hududdagi infratuzilmaviy va ijtimoiy masalalar bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga yo‘naltirish bo‘yicha obyektlar kesimida chora-tadbirlar ishlab chiqadi.