O‘zbekistonda N. I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining filiali ochiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu boradagi kelishuvga O‘zbekiston va Rossiya sog‘liqni saqlash vazirlari Abduhakim Xadjibayev va Mixail Murashkoning Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida erishilgan.

Tomonlar shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi va N. I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv ham imzolandi.

Rossiya delegatsiyasi tarkibida — Rossiya Federatsiyasi SSV vakillari, shuningdek, akademik V. I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sun’iy organlar milliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sergey Gote va N. I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti rektori Sergey Lukyanov kabi yuqori darajadagi mutaxassislar bor.

O‘zbekiston va Rossiya tomonlari tibbiy ta’lim, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam, onkogematologiya, jumladan, bolalar onkogemotologiyasi xizmati rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik, jamoat salomatligi kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Abduhakim Xadjibayev COVID-19 pandemiyasi paytida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganini ta’kidladi. Ushbu davr mobaynida ikki davlatning tibbiyot sohasidagi mutaxassislari ishtirokida jami 200 dan ortiq videokonferensiyalar, onlayn konsultatsiyalar, masofaviy seminarlar, veb-seminarlar va treninglar o‘tkazilgan.