O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida issiqlik ta’minotidagi muammolarga to‘xtalib o‘tdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Davlat rahbari uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari v. b. Qurbon Tursunovga issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishga «mutlaqo yangi yondashuvlarni» joriy etish sharti bilan olti oy sinov muddatini berdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha markazlashgan issiqlik tarmoqlariga 15 mingta turar-joy ulangan bo‘lsa-da (40 foiz), 2 ming kilometr issiqlik tarmog‘i (50 foiz) yaroqsiz ahvolda bo‘lib, tarmoqdagi yo‘qotishlar o‘rtacha 40 foizni tashkil etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Qurbon Tursunov, Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga 56 ta qozonxona qurish va rekonstruksiya qilish, 205 kilometr tarmoqlarni ta’mirlash orqali 2 mingdan ziyod ko‘p qavatli uylarni markaziy issiqlik tarmog‘iga ulash topshirig‘ini berdi.

Toshkent viloyatida — 1,1 mingta, Farg‘onada — 131 ta, Namanganda — 350 ta, Buxoroda — 202 ta, Samarqandda — 93 ta ko‘p qavatli uy-joylarda markazlashgan issiqlik tizimi tiklanadi.

«Yangi ko‘p qavatli uylarni, yaxlit massiv shaklida qurishdan maqsad ham, energoresurslarni, infratuzilma xarajatlarini iqtisod qilish hisoblanadi. Lekin bu bo‘yicha vazirlikda ham, hududlarda ham haligacha yagona yondashuv yo‘q», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mas’ul shaxslar qozonxonalarni modernizatsiya qilish dasturini taqdimot qilishlari, ushbu dastur orqali energosamaradorlik 57 foizdan 92 foizga ortib, tarmoqdagi yo‘qotishlar 35 foizdan 3,5 foizga tushishi lozim.

«Umuman, Qurbon Tursunov joriy yilning o‘zida 183 ta massivda qurilayotgan 40 mingta xonadonni markazlashgan isitish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risida bosh qotirishi zarur. Yangi ko‘p qavatli uylarni, yaxlit massiv shaklida qurishdan maqsad ham, energoresurslarni, infratuzilma xarajatlarini iqtisod qilish hisoblanadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident topshirig‘i bilan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, UJKXKV rahbari Sherzod Xidoyatov va moliya vaziri Timur Ishmetov bir oy muddatda turar-joylarning markazlashgan issiqlik ta’minotini tiklash, ularni zamonaviy tizimlarga o‘tkazish, bunga xususiy sektorni keng jalb qilish bo‘yicha taklif kiritishlari lozim.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent shahri issiqlik ta’minotini «yopiq tizim»ga o‘tkazish yiliga 3 million gigakaloriya issiqlik yo‘qotishni (420 milliard so‘m), 320 million kubmetr (210 milliard so‘m) tabiiy gaz hamda 85 million kilovatt (40 milliard so‘m) elektr sarfini qisqartirish imkonini beradi.

Qurbon Tursunov, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov va Tokent viloyati hokimi davron Xidoyatovga 1 noyabrga qadar Namangan va Chirchiq shaharlarida markazlashgan issiqlik ta’minotining «namunaviy tajribasi»ni yarati topshirildi.

Prezident 2019 yilning oktyabrida Toshkentni issiqlik ta’minotini yopiq tizimga o‘tkazish (bu yerda issiq suv yetkazib berish vaqti 10−20 soniyagacha tezlashishi kerak), boshqa shaharlarda issiqlik ta’minotini tiklash va barcha xususiy uylarni issiqlik bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

2020 yil yanvar oyida Janubiy Koreyaning CM Entech kompaniyasi Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanining MQ-2 rekonstrutsiyasi loyihalarini taklif qilgan edi. Ishning qiymati 70−100 million dollarga baholandi.