Davlat aktivlarini xususiylashtirish va davlat korxonalarini transformatsiyalash iqtisodiy o‘sish va aholi jon boshiga YAIMni oshirishning asosiy shartlaridan biri bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy rivojlanish va qambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov 27 may kuni «Davlat korxonalarini boshqarish va xususiylashtirish: iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi» xalqaro forumida aytib o‘tdi.

«Bizning oldimizda iqtisodiy o‘sishni va aholi jon boshiga YAIM o‘sishini oshirish bo‘yicha katta vazifalar turibdi. Va biz oldimizga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishning shartlaridan biri sifatida davlat aktivlarini xususiylashtirish va davlat korxonalarini transformatsiyalashni ko‘rib chiqmoqdamiz», — dedi u.

Hukumat aholi jon boshiga YAIMni hozirgi 1700 dollardan 2025 yilgacha 2500 dollarga va 2030 yilga kelib 4200 dollarga yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Buning uchun yiliga 6−7% ga yuqori bo‘lgan barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlari talab etiladi.

Jamshid Qo‘chqorov prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishini 6 foiz darajasiga yetkazish vazifasini qo‘yganini ta’kidladi.

Bosh vazir o‘rinbosari davlat rahbarining 2020 yil 27 oktyabrdagi «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni va 2021 yil 11 fevraldagi «Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish to‘g‘risida"gi farmonni imzolaganini eslatdi.

Izoh: Aholi jon boshiga YAIM uning amaldagi narxlardagi umumiy hajmini ma’lum vaqt davomida mamlakat o‘rtacha aholisi soniga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. O‘zbekistonning o‘rtacha doimiy aholisi: 2018 yilda — 32,9 mln kishi, 2019 yilda — 33,5 mln kishi, 2020 yilda — 34,2 mln kishi.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, aholi jon boshiga YAIM real o‘sish ko‘rsatkichlari bo‘yicha 2019 yilda 3,8 foizga, 2018 yilda esa 3,6 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2020 yilda nisbatan 0,3 foizga kamaydi.

2017 yilda valyuta bozorining liberallashtirilishi va so‘mning dollarga nisbatan qariyb ikki baravar pasayishi tufayli aholi jon boshiga YAIMning keskin pasayishi kuzatildi. Manba: Jahon banki (2010−2019) va Davlat statistika qo‘mitasi (2020).

2019 yildagi aholi jon boshiga nominal YAIM parametrlari bo‘yicha reyting. Manba: Jahon banki.

2020 yil boshida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning YAIMini besh yil ichida 100 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilganligini e’lon qildi.