Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida uy-joy shirkatlarining qarzdorlik masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Shirkatlarning muddati o‘tgan kreditorlik qarzi 1,4 trln so‘mdan ortib (shundan 277 mlrd so‘mi muammoli kredit), 950 tasining (25 foiz) moliyaviy holati o‘ta og‘ir ahvolda ekanligi aytildi.

Xususan, bundan shirkatlar Toshkent viloyatida — 209 ta, Andijonda — 208 ta, Samarqandda — 68 ta, Jizzaxda — 65 ta, Qoraqalpog‘istonda — 46 ta, Farg‘onada — 26 tani tashkil etmoqda.

«Bu banklarning puli-ku. Sizlar banklarga „pul ber“ deb o‘rganib qolgansizlar, ularni qaytarish haqida kim o‘ylaydi?… Bular ham pul-ku», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qariyb 70 foiz shirkatlarning kredit muddatlari hattoki 3−4 martadan uzaytirib berilgani bilan ushbu imtiyoz berilgan kreditlarning 52 foizi so‘ndirilmayapti.

«Iqtisodiyotga mablag‘lar qaytarilmayapti. Bu iqtisodiy kompleks ishlamayotganligini anglatadi. Bu iqtisodiyot barometriku», — dedi davlat rahbari.

Muammoli kreditlarning asosiy qismi Toshkent shahri (90 mlrd so‘m), Andijon (35 mlrd so‘m), Toshkent viloyati (28 mlrd so‘m), Farg‘ona (27 mlrd so‘m), Surxondaryo (26 mlrd so‘m) va Samarqandga (22 mlrd so‘m) to‘g‘ri keladi.

Davlat rahbari shuningdek, so‘nggi 3 yilda umumiy maydoni 41 mln kvadrat metrli 155 mingta xonadon foydalanishga topshirilib, ko‘p kvartirali uy-joylar soni 2 baravarga oshganini ta’kidladi. Buning natijasida esa ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatishning dolzarbligi ham ortib borayotgani qayd etildi.

«Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak, agar insonning yashash sharoiti yaxshi bo‘lmasa, oilasida tinchlik, ishida unumdorlik bo‘lmaydi, norozilik kayfiyati kuchayadi. Misol uchun, o‘tkazilgan so‘rovlarda 35 foiz aholi ko‘p-qavatli uy-joylarga ko‘rsatilayotgan xizmatlardan mutlaqo norozi, 65 foiz aholi shirkatlar ishini amalda sezmayapti», — dedi u.