Yanvar-mart oylarida O‘zbekiston davlat qarzi miqdori $23,2 mlrd ni yoki YAIMga nisbatan 40,1% ni tashkil etdi va yil boshiga nisbatan $133,7 mln ga kamaydi, deya ma’lum qilindi Moliya vazirligining 2021 yil 1 aprel holati bo‘yicha davlat qarzi haqida bergan hisobotida.

Hisobot davrida davlat tashqi qarzi $21 mlrdni (YAIMga nisbatan 36,3%) tashkil etdi va yil boshiga nisbatan $73,6 mlnga kamaydi. Davlatning ichki qarzi esa $2,2 mlrd ni yoki YAIMga nisbatan 3,8% ni tashkil etdi va yil boshiga nisbatan $60,1 mlnga kamaydi.

Davlat qarzining $133,7 mln ga kamayishi, asosan, yangi jalb qilingan qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishiga qaramay davlat qarzi bo‘yicha asosiy qarz to‘lovlarining amalga oshirilishi hamda davlat qarz portfeli tarkibidagi valyuta kurslaridagi o‘zgarishlar bilan izohlanadi.

Xususan, 2021 yilning dastlabki 3 oyida:

  • respublika nomidan jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i $126,2 mln ga kamaydi;
  • davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i $52,6 mln ga oshdi;
  • davlat kafolati ostida jalb qilingan ichki qarz qoldig‘i $73,1 mln ga kamaydi;
  • davlat qimmatli qog‘ozlarini emissiya qilish natijasida yuzaga kelgan majburiyatlar qoldig‘i 135 mlrd so‘mga oshdi.

Davlat qimmatli qog‘ozlariga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 1 trln 36 mlrd 300 mln so‘mni tashkil etdi. Shundan, asosiy qarz to‘lovlariga 935 mlrd so‘m, foiz to‘lovlariga 101,3 mlrd so‘m sarflandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil ohirida O‘zbekiston davlat tashqi qarzi 2020 yil boshiga nisbatan 18% ga oshgani haqida xabar bergan edik.