Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisida Moliya vaziri Timur Ishmetov 2020 yilda davlat byudjetiga qancha daromad tushganini ochiqladi.

Ta’kidlanishicha, 2020 yilda iqtisodiy faollik kamayishi hisobiga davlat byudjetiga ayrim soliq turlaridan prognozga nisbatan daromad kam tushgan.

Foto: Videodan lavha

Ma’lumotga ko‘ra, 2020 yilda davlat byudjetida 11,2 trln so‘m defitsit kuzatilgan.

Qayd etilishicha, yil boshidagi prognozga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) 13 trln so‘m kam mablag‘ tushdi va prognoz 70,5%ga ijro etildi. Aylanmadan olinadigan soliqlar bo‘yicha 1,1 trln so‘m yoki 55%ga kam mablag‘ tushgan. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan 927 mlrd so‘m yoki prognozga nisbatan 94%ga hamda mol-mulk solig‘idan 395 mlrd so‘m yoki 85%ga kam tushumlar shakllangan.

“Buning natijasida yil tugamasdan hisobotlar qayta ko‘rib chiqildi”, — deya qo‘shimcha qiladi Timur Ishmetov.

Moliya vazirining so‘zlariga ko‘ra, hukumat tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar, shuningdek, byudjet uchun foydali bo‘lgan boshqa omillar tufayli yuqorida ta’kidlangan yo‘qotishlar ortig‘i bilan qoplangan.

Oltin narxining yil boshidagi prognozi 1350 dollari miqdoridan haqiqiy o‘rtacha narx 1768 dollarida shakllangani hisobiga 9,3 trln so‘m qo‘shimcha daromad shakllantirishga erishilganligi ma’lum qilindi.

“Markaziy bankning 2,8 trln so‘mlik foydasi, (solishtirish uchun 2019 yilda 133 mlrd foyda bo‘lgan) hamda vazirliklar va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalaridan hukumat qaroriga asosan 385 mlrd so‘mlik qoldiq mablag‘larining byudjetga yo‘naltirish ham yo‘qotishlarning bir qismini qoplashga yordam berdi”, — deydi moliya vaziri.

Oldinroq 2020 yilda O‘zbekiston tashqi qarzni nimalarga sarflaganligi haqida xabar berilgan edi.