Ayni daqiqalarda Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda ko‘plab masalalar qatorida, bankrotlik ishini yuritish tartibiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva korxona va tashkilotlarni bankrot deb e’lon qilish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib, sudga taqdim etayotgan sud boshqaruvchilariga katta miqdorda mukofot puli to‘lanayotganini tanqid qildi (video).

«2019−2020 yillarda 10 mingga yaqin korxona va tashkilot bankrotlikning soddalashtirilgan tamoyillari asosida tugatilgan. Biroq, ulardan byudjet oldidagi qarzlarini undirish masalasi nihoyatda past — 0,07 foizni tashkil qiladi. Ayni vaqtda mazkur tugatish ishlari uchun sud boshqaruvchilariga respublika va mahalliy byudjetdan katta miqdorda mukofot pullari to‘lab borilgan. Ya’ni, sud boshqaruvchilariga to‘lab berilayotgan pullar — ular yordamida byudjetga undirilgan mablag‘lardan bir necha barobarga ko‘p. Shu darajada ko‘pki, men u raqamlarni aytgim ham kelmayapti. Tegishli hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish kerakdir. Chunki u ham davlat byudjetini puli, u ham xalqni puli», — deya Senat raisi moliya vaziriga yuzlandi.

Moliya vaziri Timur Ishmetov sud boshqaruvchilari har bir ishiga pul olish maqsadida qarzdor tashkilotdan pul undirish o‘rniga, uni bankrot deb tugatishga intilayotganini aytdi.

Foto: Videodan lavha.

«Haqiqatdan ham, bankrotlik masalalarida, sud boshqaruvchilarining har bitta ishiga yaxshi pul to‘lansa, bu pulni ketidan yaxshiroq yuguradi, deb shunaqa tartib belgilangan. Lekin, ular asosan shunaqa amaliyotga qo‘l urishdiki, qarzdor tashkilotdan qarzni undirish emas, balki, „bu umidsiz qarz, buni bankrot qilish kerak“, deb hujjatlarni rasmiylashtirib, sud orqali bankrot qilish bilan ovora. Byudjetga bir tiyin pul tushmaydi. Lekin, ular har bitta ishiga qariyb 5 mln so‘m oladi. Ayrim shunaqa epchil sud boshqaruvchilari 100 mln, 1 mlrd, 2 mlrd so‘mlab mablag‘larni yeb юborganи bo‘lgan» — dedi u.

Vazir mazkur masalani hal etish choralari ko‘rilayotganini qo‘shimcha qildi.

«„Bu narsa noto‘g‘ri bo‘layapti, bizga pul undirsang, senga shundan berishimiz kerak“, degan masalani ko‘targanimizda, „tartibda shunaqa yozilganki, undirildimi yoki yo‘qmi mehnatim uchun haqimni olishim kerak“, deb ish sudlargacha borgan paytlari bo‘lgan. Shuning uchun biz hukumatga murojaat qilib, vaqtincha bu amaliyotni o‘tgan chorakdan boshlab to‘xtatdik. Bu tartibni qaytadan ko‘rib chiqish va umuman boshqacha yondoshuv bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birga ishlayapmiz», — dedi Timur Ishmetov.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 1 fevral kuni bankrotlik jarayonini soddalashtirish va sud boshqaruvlari faoliyatini yaxshilash to‘g‘risidagi [PQ-4146-son] qarorni imzolagan edi.

Mazkur hujjat bilan 2019 yil 1 maydan sud boshqaruvchilariни davlat soliq xizmati organlari xodimlari orasidan tayinlash amaliyoti bekor qilingan. Uning o‘rniga, davlat soliq xizmati organlarining arizalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini o‘tkazishda to‘rtinchi toifali sud boshqaruvchisi attestatiga ega bo‘lgan va O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi a’zolari hisoblangan shaxslar sud boshqaruvchisi etib tayinlangan.

Ularga har bir yakunlangan tugatishga doir ish bo‘yicha Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 7,03 baravari (5,2 mln so‘m) miqdorida haq to‘lanishi belgilangan. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni uzishda to‘langan qarz summasining 5 foizi miqdorida sud boshqaruvchilariga qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Qolaversa, prezident qaroriga muvofiq, sud boshqaruvchilarining faoliyati «fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish» ixtisoslashuvi bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan va sud boshqaruvchisi attestatini olgan advokatlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.