Suriyada prezident saylovlari 26 may kuni bo‘lib o‘tdi. Ularda amaldagi davlat rahbari Bashar Asad yutib, 95,1 foiz ovozga ega bo‘ldi. Saylovchilar ishtiroki 78 foizni tashkil qildi, 14 mlndan ortiq fuqaro o‘z xohish-irodasini erkin bildirishda qatnashdi, deya xabar bermoqda RIA Novosti.

Saylovlarda 12 mingdan ortiq saylov uchastkalari ertalab soat yettidan yarim tungacha ishladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz berish barcha viloyatlarda qonunbuzarliksiz o‘tgan.

G‘alabadan keyin Bashar Asadning o‘zi mamlakat tarixida yangi bosqichni e’lon qildi.

«Keling, ertadan Suriya qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, shunday barpo etish umidini kuchaytirish uchun ish bosqichini boshlaylik», — deyiladi uning saylovoldi shtabi bayonotida. Shuningdek, u halok bo‘lgan suriyaliklarni yod olib, yaradorlarga sog‘ayib ketishni tiladi.

Bashar Asad 2000 yildan beri prezidentlik lavozimini egallab keladi va yana etti yillik muddatga saylangan. Avvalgi 2014 yilgi saylovlarda u 88 foizdan ko‘proq ovoz olgan.