«Gazeta.uz» 2021 yil 1 iyundan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etdi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlaridan foydalanishda bir qator qulayliklar yaratiladi: xorijga chiqish pasportini xohlagan joyda rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi

Prezident farmoniga ko‘ra:

  • fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi;
  • notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma’lumot talab qilmasdan, «FHDYOning yagona elektron arxivi» axborot tizimi orqali olinadi;
  • tadbirkorlik subyekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig‘im va davlat boji to‘lovlarini to‘lashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi;
  • xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekiston hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi;
  • davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan to‘lovlar, shuningdek, davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatish uchun qo‘shimcha to‘langan yig‘imlar summasi (tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatilmagan taqdirda) soddalashtirilgan tartibda bir ish kuni ichida qaytariladi;
  • davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda, ushbu hujjatlar elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi.

2. Pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolarga yanada qulay sharoitlar yaratiladi

Fevral oyida imzolangan prezident farmoniga ko‘ra:

  • pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr — 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi;
  • 3 yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovni undirish bekor qilinadi;
  • ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi;
  • pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi;
  • pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
  • fuqarolarning pensiyaga bo‘lgan huquqi yo‘qolganligini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan elektron ma’lumotlar asosida aniqlash orqali pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchi shaxslar tomonidan har olti oyda Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga kelish hamda mas’ul xodimlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring o‘tkazish majburiyati bekor qilinadi.

3. Aholi va tadbirkorlardan ayrim hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi

Davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlardan quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi:

  • ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • sudlanganlik;
  • manzil-ma’lumot axboroti;
  • fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi;
  • turar joyning maydoni;
  • soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
  • soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi;
  • pensiya va nafaqa miqdori;
  • pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
  • nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi.

Bunda, davlat organlari va tashkilotlari mazkur hujjat va ma’lumotlarni tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.


4. Haydovchilik guvohnomalarini olish uchun imtihonlarni o‘tkazishda xususiy sektorlar ham ishtirok eta oladi

Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlarga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi beriladi.


5. Aholi jon boshiga ajratilgan dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan mablag‘ miqdori 3 baravarga oshiriladi

2021 yil 15 iyundan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablag‘ miqdori o‘rtacha 3 baravarga oshiriladi.


6. Qurilish-montaj ishlari bo‘yicha shartnoma majburiyatlarining buzilganligi uchun undirilgan jarima teng miqdorda davlat byudjeti va buyurtmachiga yo‘naltiriladi

2021 yil 1 iyundan obyektlardagi qurilish-montaj ishlari bo‘yicha shartnoma majburiyatlarining buzilganligi uchun buyurtmachi foydasiga sud va sudgacha hal qilish tartibida undirilgan jarima (sanksiya) va penyalar, shuningdek, xaridlar jarayoni talablari buzilganda, tender va tanlov takliflarini garov, kafolat, zakalat tarzida ta’minlash uchun kiritilgan davlat xaridlari ishtirokchilari mablag‘larining 50 foizi — davlat byudjetiga hamda qolgan 50 foizi — buyurtmachi xizmati bank hisobraqamiga yo‘naltiriladi.

Ushbu qaror doirasida:

2021 yil 1 iyundan buyurtmachi xizmatining shtatlar jadvali va ta’minot harajatlari smetasini ro‘yxatdan o‘tkazishda texnik nazorat mutaxassislari uchun xizmat safari xarajatlarining obyektlar joylashgan masofadan kelib chiqib, joriy narxlarda belgilanadi.

Buyurtmachi xizmatlar Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan malaka toifasi asosida texnik nazorat sohasidagi mas’ul mutaxassislarga ular mehnatiga haq to‘lashning amaldagi tarif koeffitsiyentlariga 2021 yil 1 avgustdan boshlab:

  • birinchi toifa uchun — 0,2 miqdorda;
  • ikkinchi toifa uchun — 0,5 miqdorda;
  • uchinchi toifa uchun — 0,7 miqdorda;
  • oliy toifa uchun — 1,0 miqdorda koeffitsiyent qo‘shiladi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati to‘g‘risidagi nizom;
  • Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmatining namunaviy tuzilmasi;
  • Qurilish obyektlarida mualliflik va texnik nazorat olib borish tartibi to‘g‘risida nizom;
  • Qurilish obyektlarida nazorat o‘lchovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

7. Yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha qismi qoplab beriladi

2021 yil 1 iyundan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplab berish tartibi joriy etiladi. Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarni o‘qishi hamda ularning xalqaro IT-sertifikatlarni olishi uchun sarf qilgan xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini moliyalashtiriladi.


8. Zo‘ravonlik sodir etgan yoki ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar profilaktik hisobga olinadi

2021 yil 1 iyundan himoya orderi nusxasini olgan, ya’ni tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar profilaktik hisobga olinadi. Markazlarga murojaat qilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining yo‘qotilgan biometrik pasportlarini (identifikatsiya ID-kartalarini) tiklab berish choralari ko‘riladi.


9. Samarqandda mahallabay ishlash tizimi joriy etiladi

2021 yil 1 iyundan Samarqand viloyati tuman (shahar) hokimliklarida «mahallabay» ishlash tizimi eksperiment tariqasida o‘tkaziladi.

Bunda:

  • Mahallabay ishlash markazlari davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi;
  • tuman (shahar)lardagi har uchta mahallaga bittadan mahallabay ishlash inspektorlari biriktiriladi;
  • mahalla fuqarolar yig‘ini raisining tadbirkorlik va tomorqa masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.

Markazlar faoliyati Pastdarg‘om, Urgut va Bulung‘ur tumanlarida joriy yil 1 iyundan hamda viloyatning qolgan tuman (shahar)larida 1 avgustgacha tashkil etiladi.


10. «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator choralar kiritiladi

2021 yil 1 iyundan:

  • «Yoshlar daftari»ga kiritilgan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30 foizi, biroq BHMning 25 baravarigacha bo‘lgan miqdori kompensatsiya qilinadi;
  • professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga ular ishlab-chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish korxonalarida amaliyot o‘tagan vaqtida, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda professional ta’lim tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan BHMning 2 baravari miqdorida har oylik subsidiya ajratiladi;
  • «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida yoshlarga kompyuter xaridlari uchun BHMning 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratiladi;
  • «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarining 50 foizi, biroq umumiy hisobda BHMning 5 baravarigacha bo‘lgan miqdori hamda ular bo‘yicha milliy sertifikatlar olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlari kompensatsiya qilinadi;
  • «Mehribonlik» uylari tarbiyalanuvchilari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning haydovchilik kurslarida o‘qish xarajatlari BHMning 4 baravari miqdorigacha va safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali qoplab beriladi;
  • Xususiy korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilingan yoshlarni qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning BHMning 4 baravarigacha bo‘lgan qismi kompensatsiya qilinadi.

Shuningdek, 1 iyundan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalariga 10 tagacha mahalla fuqarolar yig‘inlari biriktiriladi va davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari tomonidan biriktirilgan mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashaydigan uyushmagan yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirish, shu jumladan, ularni xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport, madaniyat va kitobxonlik to‘garaklariga jalb qilish choralari ko‘riladi.


11. Unumdorligi past, foydalanishda bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlari investorlarga auksion orqali ajratiladi

2021 yil 1 iyundan infratuzilmaga yaqin joylarda, shu jumladan respublika ahamiyatidagi yo‘llarga tutash bo‘lgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha unumdorligi past, foydalanishda bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlarini sanoat va xizmat ko‘rsatish obyektlarini barpo etish uchun loyiha asosida investorlarga «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasi orqali ajratishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, 2021 yil 1 iyundan:

  • uch yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida to‘lab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra soliq qarzini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tadbirkorlik subyektlariga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash;
  • uch yildan ortiq vaqtdan buyon tovarlarni import qilish bilan shug‘ullanayotgan, bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.

12. Barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda fuqaro shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator belgilandi

2021 yil 1 iyundan 16 yoshga to‘lgan shaxslarga ID-kartalari berish ularni soliq to‘lovchi sifatida hamda pensiya tizimida hisobga qo‘yish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.

Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni (nodavlat notijorat tashkilotlari, banklar va kredit byurolaridan tashqari) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha yagona vakolatli organ deb belgilandi.


13. Ayrim tovarlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi

2021 yil 15 iyundan quyidagi tovarlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi.

Monopolist korxonalar va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxs, ustav fondi (kapitali)ning 50 foizi va undan ortig‘i ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan:

  • polivinilxlorid (PVX) va formalin — barcha xaridorlarga;
  • iste’mol etil spirti — tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tegishli litsenziya va muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarga;
  • texnik etil spirti — barcha xaridorlarga;
  • kumush — zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga;

2022 yil 1 yanvarga qadar monopolist bo‘lmagan va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan yoki davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan:

  • sement — ishlab chiqarish hajmining kamida 50 foizi;
  • chigit, paxta moyi (jumladan, ekstraksiya paxta moyi) va qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) — ishlab chiqarish hajmining 100 foizi;
  • qazib oluvchi (gazni qayta ishlovchi, ishlab chiqaruvchi) tashkilotlar tomonidan neft va gaz kondensati — tegishli litsenziya va muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarga.

14. Subsidiya olish uchun arizachining daromadlariga yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin

2021 yil 1 iyundan boshlab ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinadi.

  • fuqarolar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar yil davomida topshirilishi mumkin;
  • subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchining daromadlariga u bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin;
  • subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchidan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali olish mumkin bo‘lgan hujjatlarni (ma’lumotlarni) talab qilish man etiladi;
  • uy-joy sotib olish uchun subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnoma ular berilgan vaqtdan boshlab 12 oy davomida amal qiladi.

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolar, shu jumladan xotin-qizlarni ijara huquqi asosida vaqtinchalik joylashtirish uchun uy-joylar sotib olinadi (1 000 ta kvartira).

Shuningdek, 2021 yil 1 iyundan Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan hamda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan fuqarolarga ijara xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 6 oy davomida oylik ijara to‘lovining 50 foizi miqdorida, biroq BHMning ikki yarim baravaridan oshmagan holda oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi joriy qilinadi.

Ijtimoiy hamkorlikni yanada kuchaytirish, kompensatsiya, subsidiyalar va davlat tomonidan taqdim etiladigan boshqa imtiyozlarni adolatli taqsimlash hamda ulardan samarali foydalanish maqsadida «Xalqparvar» komissiyalari tashkil etiladi.


15. 22 ta tuman sholi avlodli urug‘chilik yetishtirishga ixtisoslashtiriladi

Respublika bo‘yicha jami 22 ta tuman sholi avlodli urug‘chilik yetishtirishga ixtisoslashtirilib, ularda 17 452 gektar sholi maydoni tashkil etiladi.

2021 yil 1 iyundan urug‘lik sholiga muvofiqlik sertifikatini berish, belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan yuridik shaxslar tomonidan ham amalga oshiriladi. Shuningdek, Urug‘chilik xo‘jaliklarida navbatlab ekish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, bir dalada 2 yildan ortiq sholi yetishtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ilmiy asoslangan almashlab ekish tizimi joriy qilinadi.


16. Davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazishning kompleks mexanizmi joriy etiladi

2021 yil 1 iyundan davlat organlari va tashkilotlarining ichki ma’muriy-xo‘jalik faoliyatini ta’minlash va saqlash bo‘yicha funksiyalarini bajarish xususiy sektorga o‘tkaziladi. Davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazishning kompleks mexanizmi joriy etilib, bunda xususiy sektorga o‘tkazish uchun davlat funksiyalari har yili tanlab olinadi. Vazirlik va idoralarning davlat boshqaruvidagi samarasiz hamda eksklyuziv funksiya va vakolatlari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi.


17. Bolalar qator dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi

2021 yil 1 iyundan:

  • 6−23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;
  • 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar «A» vitamini bilan;
  • 2−10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlanadi.

18. Aholiga subsidiyalarni adolatli taqsimlash uchun «Xalqparvar» komissiyalar tashkil etiladi

2021 yil 1 iyundan boshlab:

  • subsidiyalar soddalashtirilgan tartibda beriladi;
  • ariza beruvchidan ortiqcha hujjat talab qilinmaydi;
  • subsidiya to‘lash muddati 19 kundan 7 kungacha qisqartiriladi;
  • tizim to‘liq avtomatlashtiriladi.

19. Ayrim turdagi mahsulotlarni raqamli markirovkalash bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshiriladi

2021 yil 1 iyundan boshlab ayrim turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar (TIF TN: 3003, 3004), shuningdek, 15 iyundan boshlab suv va salqin ichimliklar (TIF TN: 2009, 2201, 2202) raqamli markirovkalash bo‘yicha tajriba loyihasi amalaga oshiriladi. Tajriba loyihalarida ishtirok etadigan kompaniyalar:

  • Dori vositalari va tibbiy buyumlar — Merrymed Farm, Jurabek Laboratories, Remedy Group, Nobel Pharm Sanoat i Temur Med Pharm;
  • Suv va salqin ichimliklar — Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan, International Beverages Tashkent, Fruit Juice, Hydrolife Bottlers, Family Group;

Shuningdek:

  • 2021 yil 15 iyundan boshlab Uzbekistan Airways Moskvaga bo‘lgan reyslarini Domodedovo aerportiga ko‘chiradi.