26 maydan 27 mayga o‘tar kechasi futbol bo‘yicha Yevropa ligasi finali bo‘lib o‘tdi. Musobaqaning hal qiluvchi o‘yinida Ispaniyaning «Vilyarreal» hamda Angliyaning «Manchester Yunayted» jamoalari o‘zaro bahs olib borishdi.

Polshadagi «Gdansk» arenasida bo‘lib o‘tgan final o‘yini penaltilar seriyasigacha yetib bordi. Uchrashuvdagi hisobni ispaniyaliklar ochdi. 29-daqiqada jarimadan uzatilgan to‘pni Jerar Moreno darvozaga kiritdi. 1-bo‘lim 1:0 hisobi bilan yakuniga yetdi.

2-bo‘limda esa Angliya jamoasi hujumlar tashkil etishda faol bo‘ldi. Bu esa o‘z samarasini 55-daqiqada berdi. Edinson Kavani o‘ziga yaratilgan imkoniyatdan unumli foydalandi hamda hisobni tenglashtirdi. Uchrashuvning ikkinchi 45 daqiqaligi shunday hisob bilan yakuniga yetdi. Qo‘shimcha vaqtlarda ham hisob o‘zgarmay qoldi va o‘yin taqdiri penaltilar seriyasiga qoldi.

Mazkur seriyada har ikki jamoaning barcha futbolchilari ishtirok etishdi. Penaltilar tepish bo‘yicha hisob 10:10 bo‘lib qolganda har ikki jamoaning darvozabonlariga navbat keldi. «Vilyarreal» posboni Ruli gol urgan bo‘lsa, «Manchester Yunayted» darvozaboni David de Xea gol ura olmadi. Shunday qilib «Vilyarreal» jamoasi penaltilar seriyasida 11:10 hisobida g‘alaba qozonib, Yevropa ligasi chempioniga aylandi.

«Vilyarreal» Yevropa ligasidagi g‘alaba evaziga Chempionlar ligasi 2021−22 yilgi mavsum guruh bosqichida ishtirok etadi. Jamoa o‘tgan mavsum yakuniga ko‘ra, La Ligada 7-o‘rinni egalladi. Shunday ekan, Chempionlar Ligasida yangi mavsumda Ispaniyadan besh jamoa bo‘ladi — «Atletiko», «Real», «Barselona», «Sevilya» va «Vilyarreal.