Chang va ifloslangan havodan nafas olishning imkoni bo‘lmayotgan shaharlarimiz havosi nima uchun bunday holga keldi? Ko‘rinib turibdiki, ifloslanish darajasini to‘liq baholash uchun mamlakatimizda monitoring punktlari yetarli emas. Havoning ifloslanishini monitoring qilish uchun respublika bo‘ylab avtomatik stansiyalar o‘rnatish rejalashtirilgan. Ayni paytda, turli xil manbalardan olingan ma’lumotlarni taqqoslash kutilayotgan natijani bermasligi mumkin.

Yel universiteti tomonidan tuzilgan ekologik natijadorlik indeksi 11 toifadagi samaradorlik ko‘rsatkichlaridan foydalanadi va atrof-muhit holati va ekotizimning barqarorligi bo‘yicha 180 mamlakatni baholaydi.

2020 yilgi tadqiqotlarga ko‘ra, havo sifati ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning 180 mamlakati orasida 177-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston, ayniqsa Toshkent aholisi uchun bu ajablanarli emas. Bilamizki, IQAir platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda havo sifati juda yomon bo‘lishi mumkin. Yel universitetining ekologik natijadorlik indeksida butun O‘zbekistonda havo sifati juda past deb baholangan. Bizdan keyin faqat Nepal, Hindiston va Pokiston.

Taqqoslash uchun quyidagi jadvalda ba’zi mamlakatlar va ularning havo sifati baholari ko‘rsatilgan:

O‘rin

Mamlakat

Havo sifati indikatori

29

Janubiy Koreya

71,7

36

Iordaniya

58,0

59

Eron

49,2

68

Aljir

45,3

115

Qozog‘iston

32,0

136

Zimbabve

27,2

177

O‘zbekiston

15,0

Manba: Yel университети ekologik qonунчилиk va siyosat markazi, 2020 yil.

Ushbu tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistonda havo sifati Zimbabve va Qozog‘istonga qaraganda taxminan ikki baravar yomon, Jazoir va Eronga nisbatan uch baravar yomonroq…

Havoning ifloslanishining juda ko‘p aniq sabablari bor: ko‘mir va o‘tin yonishi yoki dizel yoqilg‘isidan hosil bo‘ladigan sanoat va maishiy chiqindilar, avtomobillardan chiqadigan gazlar va boshqalar. O‘zbekiston misolida, sabablar ro‘yxatiga yana qo‘rqmasdan shaharlarda qurilishlar uchun yashil zonalar va bog‘larning yo‘q qilinayotganligini, shahar jamoat transportining noto‘g‘ri boshqarilishini, yo‘llarning cheksiz kengaytirilishi va aholining avtomobilizatsiya siyosatini kiritishimiz mumkin.

Havoni shahar ichkarisidagi ifloslantiruvchi, shu bilan birga eskirgan texnologiyalar bilan ishlayotgan sanoat korxonalarning noto‘g‘ri joylashuvi, issiqlik elektr stansiyalarida ko‘mirdan foydalanishda davom etilishi, avtomobil yoqilg‘isi ekologizatsiya darajasining pastligi va boshqalar ifloslantirmoqda.

Aniq savol vujudga keladi: endi nima qilish kerak? Qanday qilib havo sifatini yaxshilash va dunyodagi eng iflos havodan nafas olishni to‘xtatish mumkin? Biz qila oladigan eng birinchi, eng oson va eng qulay harakat — daraxtlarni boshqa kесmаслиkдир! Daraxtlarning atrof-muhit, sog‘liq va hatto iqtisodiyot uchun ahamiyati to‘g‘risida oldinroq bir necha bor yozgan edim.

Keling, so‘nggi yillarda yashil shahrimizni nimaga aylantirganimizga nazar solaylik:


Toshkent (birinchi surat — 2005 yil iyul, ikkinchisi — 2020 yil may). Manba: Google Earth.


Toshkent markazi (birinchi surat — 2008 yil iyul, ikkinchisi — 2020 yil avgust). Manba: GoogleEarth.


Toshkent, sobiq Komsomol ko‘li (birinchi surat — 2014 yil iyul, ikkinchisi — 2020 yil avgust). Manba: Google Earth.


Toshkent, Chilonzor tumani (birinchi surat — 2008 yil iyun, ikkinchisi — 2019 yil iyul). Manba: Google Earth.


Farg‘ona shahri (birinchi surat — 2008 yil avgust, ikkinchi surat — 2020 yil avgust). Manba: Google Earth.

Daraxtlar — bu sog‘lik demakdir

Daraxtlar — bu qurilish, yo‘llarning kengayishiga «to‘sqinlik qiladigan» yoki oddiygina binolarning fasadiga to‘g‘ri kelmaydigan estetik predmetlar emas. Daraxtlar inson hayoti va sog‘lig‘i uchun juda ahamiyatlidir. Ma’lumki, ifloslangan havo bilan nafas olish yurak xurujlari, insult, diabet va yuqori qon bosimi kabi salomatlik bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Tadqiqotlar havo sifatining yomonligi yurak-qon tomir kasalliklari o‘lim holatining 19 foiziga va o‘pka saratoni o‘lim holatining 29 foiziga sabab ekanligini ko‘rsatib turibdi. Bundan ko‘rinadiki, sog‘liqqa ko‘rsatilgan bu ta’sirlar sog‘liqni saqlash xizmatlariga xarajatlarning oshishiga va katta iqtisodiy xarajatlarga olib keladi.

Ushbu kasalliklar (yurak xurujlari, insultlar, diabet) COVID-19 infeksiyasidan o‘lish ehtimolini oshiradi. Garvard jamoat sog‘liqni saqlash maktabi olimlari tomonidan olib borilgan yangi tadqiqotlar natijasida havoning yillar davomida ifloslanishi o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlandi. Havo ifloslanishining 1 mkg/m3ga oshishi, ko‘rib chiqilayotgan hududda COVID-19dan o‘limning 11 foizga ko‘payishi bilan bog‘liq.

The Lancet jurnalida chop etilgan 2017 yilgi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, shaharlarda ko‘kalamzorlashtirishning 10% ga ko‘payishi erta o‘limning o‘rtacha 4% ga kamayishiga olib kelgan.

Daraxt ekish — bu yaxshi. Ammo ko‘chatlar har doim ham kesilgan katta bargli daraxtlar keltirgan foydalarni qoplay olmaydi, chunki navnihol novdada o‘sgan shox-shabbalar yo‘q va ular nisbatan kam kislorod chiqaradi. Yangi ekilgan daraxtlar keyingi yigirma yillikda havoning tozalanishini ta’minlamaydi va katta bargli daraxtlar kabi mikroiqlimga foydali ta’sir ko‘rsatmaydi. Iqlimni yaxshilash uchun mavjud daraxtlarni saqlab qolish, ularning o‘rnini ko‘plab yangi ko‘chatlar bilan to‘ldirishdan ko‘ra muhimdir.

Ehtimol, ikki yil ichida va’da berilgan xiyobon barpo bo‘lar, yoki yo‘q — bularning barchasi kelajakda ro‘y beradi. Ammo hozir bir narsa aniq: biz mavjud daraxtlarni kesmasligimiz kerak. Daraxtlarning kesilishini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi.

Xar birimizning burchimiz

Toshkentda daraxtlarni kesishga moratoriy joriy qilingan, biroq, bu moratoriy amalda qo‘llanilmayapti shekilli. Ayniqsa, shaharning turar-joylari ichkarisida shaharning hech qanday bosh rejasisiz davom etayotgan qurilishlar odamlarning sog‘lig‘i uchun zarur bo‘lgan sog‘lom daraxtlarni kesish bilan birga olib borilmoqda.

Daraxt — jamiyat boyligidir. Hech kim uni odamlarga, binolarga xalaqit bergani yoki xunuk ko‘ringani uchun kesib tashlolmaydi. Bizning ularni yo‘q qilishga ma’nan haqqimiz yo‘q.

Daraxtlarning mahalliy aholining roziligisiz, ba’zan qo‘rqoqlarcha, tun yarmida kesilayotgani odamni tashvishga soladi. Noqonuniy shaharsozliklar va qaror qabul qiluvchilarni daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘yganlikda ayblash boshqa, yoningizdagi daraxtlarni himoya qilish esa boshqa narsa. Ayb o‘zimizda ham, odamlarda ham bor.

Ko‘p odamlardan daraxtlarni asrash — tashvishlanishimiz kerak bo‘lgan birinchi navbatdagi muammo emasligini eshitaman. Bu fikrga mutlaqo qo‘shilmayman. Agar hozir bo‘lmasa, ehtimol yaqin kelajakda aksariyat muammolarni to‘g‘ri yechimlar yoki kerakli odamlar bilan hal qilish mumkin bo‘ladi. Ammo nobud qilingan daraxtlarni, demakki, vayron qilingan ekotizimni bir necha yil ichida tiklab bo‘lmaydi.

Biz mahalliy va xalqaro hamjamiyatni xabardor qilishga urina turib, xalqaro maydonda Orol dengizining falokati haqida gapiramiz. Hech birimiz ushbu fojia uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlikni his qilmaymiz, chunki buning uchun oldingi avlodlarni ayblashimiz mumkin. Biroq, ehtimol, bargli shahar daraxtlarini mas’uliyatsiz ravishda kesilishining hozirgi sur’ati, noilmiy urbanizatsiya, yo‘llar tizimi va jamoat transporti tizimining noto‘g‘ri boshqarilishi, jamoat bog‘larining kamayishi oqibatida o‘zimiz ekotizimning buzilishini va navbatdagi hamda juda jiddiy ekologik muammoni keltirib chiqarmoqdamiz.

Dunyoda daraxtlarning kesilishi mumkin bo‘lgan har bir holat, ularni boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha jamoatchilik muhokamasini talab qiladigan amaliyot mavjud. Yaqin atrofda yashovchilarni daraxtlartlar kesilishi mumkin bo‘lgan holatlarda yozma tartibda xabardor qilish mumkin. Yozma xabarnoma kesilishi rejalashtirilgan daraxt yaqinida osib qo‘yilishi kerak. Unda so‘z yuritilayotgan daraxt, uning kesilish sabablari va jamoat muhokamasi o‘tkaziladigan vaqt, joy ko‘rsatiladi. Barcha xohlovchilar muhokamada ishtirok etishlari mumkin.

Bu Massachusets shtatidagi Uintrop shahri shahar ma’muriyati xabarnomasining namunasi.

Xabarnomalarning yana bir turi — shahar ma’muriyati 10 kun ichida aholi e’tiroz bildirmagan taqdirda ma’lum sabablarga ko‘ra daraxt kesilishi to‘g‘risidagi e’lonni joylashtiradi. Agar e’tirozlar bo‘lsa, shahar aholi o‘z qarashlarini himoya qilishi uchun ommaviy tinglovni o‘tkazadi.

Bunday amaliyot bizning mamlakatimizda foydali bo‘lgan bo‘lardi — bu shaffoflikni va aholining ma’lum bir daraxtni himoya qilishda tinglanish huquqini ta’minlaydi.


Jamoat xabarnomasi, Konnektikut shtati, Grinvich shahri. Manba: greenwichfreepress.com

Kesilgan daraxtlarni, shu yo‘l bilan zararlangan ekotizimni va havoning sifati sababli aholining «o‘g‘irlangan» sog‘lig‘ini hech narsa qoplay olmaydi. Kecha va bugun bu muammoga e’tibor bermasdan va hal qilmasdan, biz Toshkent va boshqa shaharlarning muqarrar ekologik halokatiga yo‘l ochyapmiz. «Moviy gumbazla») yaqinidagi yoki Toshkentdagi Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘dagi daraxtlarning kesilish tahdidi tug‘ilsa, bu Toshkentning boshqa hududlarida yashovchilarni tashvishga solmay qo‘ymaydi. Zavodning zaharli chiqindilari tufayli Navoiy aholisi nafas olishga qiynalganida, bu barcha o‘zbekistonliklarga ham tegishli bo‘lishi kerak. Chunki ekologiya chegara bilmaydi va barchaga ta’sir qiladi.

Amaliy bir g‘oya

Agar har bir fuqaro shahar daraxtlari, shahar bog‘lari va yashil maydonlarning ahamiyatini tushunishni boshlamasa va ular uchun javobgarlikni his qilmasa, bu muammoni hal qilish mushkul bo‘ladi.

AQSHning ba’zi shaharlar ma’muriyatlari aholidan shaharda sog‘lom shahar o‘rmoni va yolg‘iz daraxtlarni saqlashga yordam berishni so‘rashmoqda. Eng avvalo, shahardagi har bir daraxt o‘z pasportiga va xaritadagi joyiga ega bo‘lishi kerak. Aholi o‘z uylari (biznesi, maktabi va h.k.) yaqinida o‘sayotgan daraxtlarni «asrab olishi» va ularni sug‘orish va to‘g‘ri parvarish qilish majburiyatini olishlari mumkin. Ushbu vazifani shahar aholisi hech bir qiyinchiliksiz bajara oladi va hozirdanoq uni keng miqyosda amalga oshirishni boshlash mumkin. Boshqacha qilib aytganda, har bir daraxtning unga g‘amxo‘rlik qiladigan, ayniqsa, zanjirli benzoarrali odamlardan himoya qiladigan kishisi bo‘lishi kerak.


Adopt-A-Tree dasturidan olingan daraxtlar xaritasi, Kembrij, Massachusets, 2021 yil.

Daraxtlarni kesib, boshqalarga daraxtlarni kesishga ruxsat berib, har bir daraxtning kesilishiga ko‘z yumib, biz bolalarimizning umrini qisqartiramiz. Bu yerdagi yashil daraxtlar o‘rniga hech qanday estakada, savdo markazi yoki turar-joy majmuasi bizni sog‘lomroq qilmaydi — afsuski, aksincha.

Toshkent va uning aholisi Amir Temur maydonida yuz yillik daraxtlarning qanday kesilganini unutmagan va unutmaydi. Bir yoki bir nechta odamning buyrug‘i va istak-xohishi bilan bir necha avlodlar uchun toza havo va sog‘liqni ta’minlagan ekotizim buzilganda biz bu kabi ssenariylardan qochishimiz kerak.

Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Botir Qobilov
Iqtisodchi, Garvard universiteti doktoranti va ilmiy tadqiqotchisi. Dyuk Universiteti (AQSH) iqtisodiyot magistri. Oldinroq O‘zbekiston Markaziy bankida bosh iqtisodchi bo‘lib ishlagan.