YUNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 44-sessiyasida Shahrisabzning tarixiy qismini regeneratsiya qilish loyihasi ko‘tariladi. Bu haqda madaniyat vaziri o‘rinbosari, Madaniy meros departamenti boshlig‘i Kamola Akilova «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, fransiyalik ekspertlar Madaniy meros departamenti bilan birgalikda Shahrisabz bo‘yicha takliflar tayyorlashgan. Ekspertlar hozirda konsepsiyaning 3 xil versiyasini ishlab chiqqani, biroq, hozircha ular haqida biror ma’lumot oshkor qilinmayotgani aytildi.

«[YUNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining] 44-sessiyada bu, albatta, muhokama qilinadi. Muhim jihati, bizga hozir hech kim 2 yil ichida regeneratsiya qilinglar deb aytgani yo‘q. Bu yerda loyiha haqida gap ketmoqda. Bilasizmi, ular 2 yil ichida batafsil o‘rganib, mana shu konsepsiyalarni ishlab chiqdi. Ularni 3 xil takliflari bor. Bu 44-sessiyasida 3 xil konsepsiyadan bittasi tanlanadi. Yilning oxirigacha konsepsiyani har bir detaligacha alohida ishlanadi, keyingi yildan esa amaliy ishlar boshlanadi», — deya ta’kidladi Kamola Akilova.

Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, xorijlik eksperlar O‘zbekiston tomonidan taklif qilingan.

«Ushbu loyihadan O‘zbekiston manfaatdor. Buni yuqori tajribali mutaxassislarni jalb qilinishidan ham bilsa bo‘ladi. Ular rostdan ham yaxshi mutaxassis, butun jahon bo‘yicha tarixiy ob’ektlar bilan shug‘ullanishgan, tajribasi katta. Hozir amaliy ish boshlashdan avval loyihani konseptual jihatdan o‘rganib, bir to‘xtamga kelishimiz kerak. Shundan keyin O‘zbekiston amaliy regeneratsiyaga mablag‘ ajratadi», — dedi u.

U, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislar tarixiy ob’ektlarni qayta tiklash ishlarini qanday olib borishiga ham to‘xtalgan.

«Bizda, avval buzishadi, keyin nima qilishni o‘ylashadi. Yoki mana restavratsiya qilishadi-da keyin to‘g‘ri qildim-mi, yo‘qmi deb o‘ylashadi yoki umuman o‘ylashmaydi. O‘shaning uchun, bu [xorijlik] mutaxassislarda ilmiy jihatdan yondashish juda kuchli, shuning uchun natijasi ham yaxshi. Keyin ular shoshilmaydi», — deya tushuntirdi madaniyat vaziri o‘rinbosari.

YUNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 44-sessiyasi 2020 yilning 29 iyunidan 9 iyuliga qadar Xitoyning Futszyan provinsiyasi Fuchjou shahrida o‘tkazilishi reja qilingan edi. Biroq, koronavirus pandemiyasi sabab mazkur sessiya qoldirilgandi. Ushbu sessiya iyul oyining birinchi qismida bo‘lib o‘tishi kutilayotgani ma’lum qilindi.