Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtdagi reklama konstruksiyalari demontaj qilinayotgani to‘g‘risidagi savolni javobsiz qoldirdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Seshanba kuni shahar hokimi «Besh tashabbus harakati» festivali doirasida yoshlar bilan uchrashdi. Suhbat avvalida, u jurnalistlarni bu brifing yoki matbuot anjumani emasligi haqida ogohlantirdi hamda yoshlarga o‘z fikrlarini aytishi va savol berishiga imkoniyat yaratib berishini so‘radi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev shuningdek, soat 17:00 da bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishga chaqirib qolishlari mumkinligini aytgan. U yoshlar festivali tashkilotchilarini tanqid qilmaganliklari uchun OAV vakillari va blogerlarga o‘zining minnatdorchiligini bildirgan. Qolaversa, hokim: «endi xohlagancha tanqid qilish mumkin, biz hammasini ko‘taramiz», deya qo‘shimcha qilgan.

Yoshlar bilan 50 daqiqa atrofida davom etgan uchrashuvdan so‘ng, hokim yig‘ilishga borish maqsadida o‘zining xizmat avtomobili tomon harakatlangan. Uni jurnalistlar yo‘l-yo‘lakay savol berib, kuzatib borishgan.

«Poytaxt» radiosi vakili bilan suhbatda hokim festival haqidagi savollarga javob bergan. Undan qaysi tadbirlarga borgani va nima ko‘proq yoqqani haqida so‘rashgan.

Keyin esa Qalampir.uz jurnalisti Jahongir Ortiqxo‘jayevni ko‘pchilik yaxshi tadbirkor sifatida bilishini aytib, undan ishbilarmonlarni qanchalik qo‘llab-quvvatlashini so‘ragan. «Hamma ko‘rinishdagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlayman», — dedi u (video).

Biroq, Toshkent hokimidan «hech qanday qarorsiz» reklama konstruksiyalari buzib tashlanayotgani haqida so‘ralganida, Ortiqxo‘jayev qadamini tezlashtirdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Avvalroq, «Gazeta.uz» 8 apreldan poytaxtdagi reklama konstruksiyalari ommaviy tarzda demontaj qilinayotgani haqida xabar qilgan edi. Tashqi reklama ob’ektlarining egalari konstruksiyalar qonun asosida o‘rnatilganini, ularni buzib tashlash bo‘yicha topshiriq «yuqoridan berilganini» ta’kidlagan edi. Tadbirkorlar sud qarorisiz bannerlarni buzib tashlanishi bo‘yicha mansabdorlarning harakatini noqonuniy deb atashgan edi.

Keyinroq, reklama sohasi tadbirkorlari Toshkentda o‘nlab bilbordlarda reklama konstruksiyalarini faqat sud orqali buzish mumkinligini eslatib, prezidentga murojaat qilishdi.