O‘zbekiston hukumati va BMTning mamlakatdagi idorasi Yevropa Ittifoqi hamda AQSH Davlat departamentining moliyaviy ko‘magida Mojaroli hududlardan qaytgan ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha BMT, Yevropa Ittifoqi va AQSHning muvofiqlashtirilgan harakatlarini boshladi. Bu haqda tomonlarning 27 may kuni e’lon qilingan bayonotida so‘z boradi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yildan buyon O‘zbekiston Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi ayollar va bolalarni qaytarish bo‘yicha beshta «Mehr» operatsiyasini o‘tkazdi. Mojaroli hududlardan mamlakatga jami bo‘lib 531 kishi olib kelindi.

Muvofilashgan harakatlar repatriatsiya qilingan insonlarni jamiyatga qayta integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlash uchun texnik va moliyaviy resurslarni o‘z ichiga oladi. «Ushbu harakatlar bolalarni jabrlanuvchilar sifatida tan olishga hamda bolalar va ayollar uchun gender masalalari inobatgan olingan hamjamiyatlar darajasidagi reintegratsiya dasturlari yordamida ularning shaxsiy manfaatlarini himoya qilish zarurligiga asoslangan», — deyiladi bayonotda.

Davlat departamenti tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan dastur O‘zbekistonga yo‘naltirilgan bo‘lib, YeI tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan dastur esa Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni ham qamrab oladi.

Yordam «BMTning Suriya va Iroqdan qaytib kelgan shaxslar masalasi bo‘yicha a’zo davlatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global dasturi» doirasida taqdim etiladi. Dastur ikkita tarkibiy qismni o‘z ichiga oladi: birinchisi, repatriatsi qilingan shaxslarning himoyasi va gumanitar ehtiyojlari uchun mas’ul (YUNISEF boshchiligida), ikkinchi komponent esa ba’zi qaytib kelganlar tomonidan ehtimoliy sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlik va xavfsizlikni ta’minlaydi (BMT Aksilterror boshqarmasi rahbarligida).

«Bugungi uchrashuv keng ko‘lamli hamkorlikning boshlanishiga bag‘ishlangan. Va ishonchim komilki, bu o‘z vataniga qaytib kelgan bolalar va ayollarning reintegratsiyasi hamda ularning qayta radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun sa’y-harakatlarimizni birlashtirishda o‘ziga xos boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi», — dedi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev.

«Yevropa Ittifoqi ekstremizm, radikallashuv va terrorizmni moliyalashtirishning oldini olish va uni yengish bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikning ahamiyatini tan oladi. Kuchli texnik yordam ko‘rsatish va inson salohiyatini kuchaytirish orqali ushbu harakat inson huquqlarini amalga oshirish, demokratiyani rivojlantirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga yordam beradi. Qaytayotgan bolalar va oilalarni qayta integratsiyalashuvi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami va umuman aholining imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi, ularning kengroq ijtimoiy-iqtisodiy integratsiyalash imkoniyatlarini oshirish, kambag‘allikni va ijtimoiy jihatdan ajratib qo‘yishni kamaytirish orqalitinchlik va barqarorlikni mustahkamlaydi», — dedi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian.

«Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini mojaro zonalaridan, shu jumladan Iroq va Suriyadan vataniga qaytarish va reintegratsiyasi bo‘yicha harakatlarini olqishlaydi. Bunday sa’y-harakatlarda O‘zbekiston kabi faollik ko‘rsatgan mamlakatlar kamdir», — dedi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum.

«YUNICYeF Markaziy Osiyodagi hukumatlar bilan qurolli to‘qnashuvlardan zarar ko‘rgan bolalarning integratsiyalashuvida bolalar huquqiga asoslangan yondashuvini qo‘llash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirmoqda, — dedi YUNICYeFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan. — Qanchadan-qancha bolalarning oilalari bilan qayta birlashgani bizni ruhlantiradi, va biz har bir bolaga kamsitilishdan himoyalanish va boshidan kechirganlaridan xalos bo‘lish imkoniyati berilishini ta’minlash yo‘lida hukumatlar bilan hamkorlik qilishga avvalgidek sodiqmiz»

BMTning mamlakatdagi vakolatxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, repatriatsiyalarning katta qismi O‘zbekiston va Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi — 900 ga yaqin odam, shu jumladan 600 dan ortiq bolalar qaytib keldi. 2019 yil aprel oyi oxirida Tojikiston Iroqdan 84 bolani o‘z vataniga qaytarish bo‘yicha bir martalik operatsiya o‘tkazdi. 2021 yil mart oyida uzoq tayyorgarlikdan so‘ng Qirg‘iziston Iroqdan qarovsiz 79 bolani qaytardi.

«80 dan ortiq mamlakatdan minglab shaxslar, shu jumladan oila a’zolari, ISHID va BMT tomonidan terroristik deb tan olingan boshqa guruhlarga qo‘shilish uchun Suriya va Iroqqa borgan deb hisoblanadi. Ba’zi oila a’zolari ixtiyoriy ravishda qo‘shilishgan bo‘lsa, boshqa ko‘plari oila a’zolari bilan borishga yoki ularga ergashishga majbur qilingan, manipulyatsiya qilingan. Bundan tashqari, minglab bolalar Suriya va Iroqdagi mojarolar paytida chet elliklardan dunyoga kelgan», — deyiladi xabarda.

«Urushlar paytida ko‘plab xorijiy terrorchi jangchilar o‘ldirilganiga qaramay, ko‘plab odamlar, ayniqsa ayollar va bolalar janglardan qochib, lagerlarga ko‘chirilgan», — deya qayd etilgan xabarda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 68 ming kishi Suriyaning shimoli-sharqidagi Al-Xol va Al-Roj lagerlarida yashamoqda. Taxminan 10 ming iroqlik yoki suriyalik bo‘lmagan «uchinchi mamlakat fuqarolari» 50 dan ortiq mamlakat vakillaridir. Ularning 99 foizini ayollar va bolalar tashkil etadi.

«Lagerlardagi ahvol xavfli, yashash sharoitlari yomon, xususan Al-Xol va Al-Roj lagerlarida mavjud bo‘lgan xavfli va zo‘ravonlik u yerdagi zaif guruhlarning ahvolini yana yomonlashtiradi. Suriya va Iroq bilan bog‘liq bo‘lgan sudlarda ko‘rib chiqilayotgan ishlardan tashqari, Afg‘onistonda yuzlab ayollar va bolalar xibsda saqlanmoqda», — deyiladi xabarda.