24 may kuni Samarqand viloyati 63-sonli aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat tarbiyalanuvchilarining yuz qismi ko‘kargani, shikastlangan va yirtiq-yamoq kiyimlarda yurgani va kir yuvishga majbur qilinayotgani aks etgan fotolavhalar tarqalgan edi.

Mazkur vaziyat Senat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olinib, davlat idoralariga tegishli ko‘rsatmalar berilgandi. Shu kuniyoq Samarqand viloyati hokimligi esa holat yuzasidan ishchi guruh tuzgan edi.

27 mayga kelib, Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova tomonidan vaziyat nazoratga olingani hamda o‘rganib chiqilgani ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, Bola ombudsmanining Samarqanddagi mintaqaviy vakili N.Rabbimova, viloyat xokimi E.Turdimov, tuman xokimi N.Sulaymonov qolaversa, tuman prokurori, IIB boshlig‘i va viloyat XTB boshlig‘i holatni o‘rgangan.

«Mintaqaviy vakilning aniqlashicha, Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanidagi ushbu muassasada tarbiyalanayotgan suratdagi 2 nafar bola otasi tomonidan uyiga qaytarib olib ketilgan. Ko‘zi ko‘kargan bola esa 11 mart kuni tengdoshi bilan urishgani va o‘shanda ko‘zi ko‘karganini aytgan. Bu holat bolaning tibbiy anketasida ham qayd etilgan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, tog‘orada kir yuvayotgan 4-sinf bolasining onasi bilan suhbat qurilganida bu kabi holatlar 4 yil davomida umuman kuzatilmaganligi va ushbu rasmni ko‘rib tushunishmaganini bildirgan.

«Albatta bu holat o‘rganilib, unga oydinlik kiritilgach, bola huquqlarini ta’minlashda, ularning ta’lim olishi, sog‘lig‘ini saqlash masalalarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aniqlansa, ularga tegishli choralar ko‘riladi», — deyiladi ombudsman xabarida.

Mintaqaviy vakil N.Rabbimovaning so‘zlariga ko‘ra, «muassasada nosog‘lom muhit hukm surmoqda».

«Xodimlar o‘rtasida o‘zboshimchalik, rahbarlarga bo‘ysunmaslik, lavozim vazifalarini bajarmaslik, o‘z ishiga e’tiborsizlik bilan qarash holatlari ko‘zga tashlanmoqda», — degan u.

Mazkur masala Samarqand viloyati hokimi nazoratiga olingan. Muassasadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha esa kat’iy vazifa va topshiriklar berilgan.