Xalqaro meteorologiya tashkiloti (XMT) butun kuzatuv davri tarixi bo‘iycha rekord darajadagi issiq yil bo‘lishini bashorat qilmoqda, deya xabar berdi BMT Yangiliklar markazi.

Keyingi besh yil ichida o‘rtacha yillik harorat sanoatgacha bo‘lgan davrdagi (1860−1900 yillarga qadar) ko‘rsatkichlarga qaraganda kamida bir darajaga yuqori bo‘ladi. Shu bilan birga, kamida bir yil davomida 2016 yili kuzatilgan harorat rekordi yangilanadi. Meteorologlar bunga 90% amin ekanliklarini ta’kidlashmoqda.

Katta ehtimol bilan, ya’ni 40% ehtimolga ko‘ra, yaqin yillarda harorat vaqtincha 1,5 darajaga ko‘tariladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2021−2025 yillarda yuqori kengliklarda va Sahelda havo namroq bo‘lishi mumkin va Atlantikada esa tropik siklonlari tez-tez uchraydigan holatga aylanadi.

«Bu oddiy statistika emas. Haroratning ko‘tarilishi muzning tezroq erishiga, dengiz sathining ko‘tarilishiga, tez-tez issiqlik to‘lqinlari kuzatilishi hamda boshqa keskin ob-havo hodisalarining kelib chiqishini anglatadi. Shuningdek, bu oziq-ovqat ishlab chiqarishga, barqaror rivojlanish, inson salomatligi va atrof-muhitga tobora jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda», — dedi XMT Bosh kotibi Peteri Taalas.

Klimatologlarning prognozlari bizni iqlim o‘zgarishlariga moslashish masalasiga jiddiy qarashga majbur qiladi. Xalqaro Meteorologlar Tashkiloti 193 nafar a’zolarining faqat yarmidagina ob-havoning keskin ta’sirini, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, suv, qishloq xo‘jaligi va qayta tiklanadigan energiya kabi zaif sohalarga ta’sirini kamaytirish uchun zarur bo‘lgan erta ogohlantirish xizmatlari mavjud.

Parijdagi iqlim to‘g‘risidagi bitim global harorat ko‘tarilishini bu asrda 1,5 daraja atrofida ushlab turishga qaratilgan bo‘lsa-da, unda ko‘zda tutilgan issiqni kamaytirish bo‘yicha milliy ixtiyoriy majburiyatlar ushbu maqsadga javob bermaydi.

BMTning hisoblashicha, bu yil va noyabr oyida Glazgoda bo‘lib o‘tadigan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha muzokaralar iqlim o‘zgarishini to‘xtatish uchun muhim voqea bo‘lishi kutilmoqda.