Ozarbayjon Armaniston Qurolli Kuchlarining olti nafar askarini asirga oldi. Armaniston odam o‘g‘irlash bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi

27 may kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi bir guruh Armaniston harbiy xizmatchilarining mamlakat hududiga o‘tishga urinishi haqida e’lon qildi. Olti kishi asirga olindi. Ozarbayjon TIV Armaniston harbiylari yo‘lni qazish orqali terakt uyushtirishga uringan deb ta’kidladi.

Armaniston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarni qo‘lga olish faktini tasdiqlab, ular mamlakatning Gegarkunik viloyati chegara zonasida muhandislik ishlarini olib borishda qo‘lga olinganini ta’kidladi. Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan ushbu voqeani harbiylarni «o‘g‘irlash» deb atadi. Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar Ozarbayjon bilan chegarada ogohlantirish belgilarini o‘rnatgan holda minalash ishlarini olib borgan. «Diversiya maqsadi yo‘q edi. Hodisa bizning hududimizda sodir bo‘ldi», — dedi u.

Armaniston Bosh prokuraturasi Ozarbayjon tomonidan mamlakat Qurolli Kuchlarining olti nafar askarini qo‘lga olganidan keyin odam o‘g‘rilash va davlat chegarasini buzish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi.

Gegarkunik va Syunik viloyatlarida Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyat 12 maydan beri keskinligicha qolmoqda.


Estoniyada prezident va bosh vazir lavozimlarini birlashtirish taklif qilindi

Estoniyada prezident va bosh vazir vazifalari bitta lavozim ostida birlashtirilishi mumkin. Bu haqda mamlakat hukmron o‘ng-liberal islohotlar partiyasining faxriy raisi Siym Kallas fikr bildirdi. «Kichik mamlakat, bitta qora mashinaga kamroq. Va keyin, albatta, prezident-hukumat rahbari to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanishi mumkin edi. Oddiy va tushunarli», — deb yozgan u «Eesti Päevaleht» gazetasidagi maqolasida. Kallasning ta’kidlashicha, hozirgi paytda Estoniya prezidentini saylash tartibi juda murakkab. Prezident saylanishi uchun nomzodni 101 o‘rinli Riygikoguning (parlament) 68 a’zosi qo‘llab-quvvatlashi yoki nomzod Saylov hay’atida 105 ta ovozga ega bo‘lishi kerak.

Estoniyada navbatdagi prezident saylovlari 10 avgustdan 29 sentyabrgacha bo‘lib o‘tishi lozim. Birinchi bo‘lib mamlakat parlamenti davlat rahbarini saylashga harakat qiladi. Agar u muvaffaqiyatga erisha olmasa, Saylov hay’ati chaqiriladi. Uning tarkibiga 208 a’zo (107 mahalliy hokimiyat vakillari va Riygikoguning 101 a’zosi) kiradi. — TASS.


Nigeriyada 160 yo‘lovchisi bo‘lgan kema ag‘darilib ketdi

Nigeriyada 160 yo‘lovchini olib ketayotgan kemaning ag‘darilishi sababli o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan. Bu haqda TASS Agence France-Presse'ga tayanib xabar bermoqda. Hozircha tirik qolgan 22 yo‘lovchi topildi, yana bir kishi vafot etdi, deya ta’kidladi Kebbi shtatidagi Ngaski mahalliy hukumat okrugining vakili. Qidiruv ishlari davom etmoqda.

Ta’kidlanishicha, kema bortida 80 dan ortiq odam tashish taqiqlangan bo‘lgan. — TASS.


«Belavia» sakkizta mamlakatga reyslarni bekor qildi

«Belavia» aviakompaniyasi 27 maydan boshlab sakkizta mamlakatga reyslarning majburiy bekor qilinishini e’lon qildi. «Bir qator mamlakatlarda parvozlarga taqiqlar mavjudligi sababli Belavia 2021 yil 27 maydan 30 oktyabrgacha Varshava, Milan, Amsterdam, Rim, Frankfurt, Berlin, Myunxen, Gannover, Vena, Bryussel, Barselona, Kaliningrad yo‘nalishidagi reyslarni bekor qilishga majbur», — deyiladi kompaniya bayonotida. Yo‘lovchilar bir yil ichida jo‘nab ketish kunini o‘zgartirishi yoki jarimalarsiz chipta pullarini to‘liq qaytarib olishlari mumkin.

Avvalroq «Belavia» Finlyandiya va Chexiyaga reyslarni mos ravishda 26 va 28 maydan 30 oktyabrgacha bekor qilgan edi. Shuningdek, Stokgolm, London, Parijga ham reyslar 30 oktyabrgacha bekor qilingan. Aviakompaniya 26 iyungacha Vilnyusga, 25 avgust qadar Kiyev, Lvov, Odessa va Xarkovga parvozlarni to‘xtatdi.


AQSHda COVID-19'ni yana bitta preparat bilan davolashga ruxsat berildi

AQSH oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) Britaniyaning GlaxoSmithKline va AQSHning Vir Biotechnology kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan COVID-19'ga qarshi Sotrovimab preparatidan favqulodda foydalanishni ma’qulladi. Yangi dori vositasi kattalar hamda 12 yosh va undan katta bo‘lgan bemorlarda yengil va o‘rtacha darajadagi COVID-19 holatlarini davolash uchun tasdiqlangan. Ushbu preparat koronavirus bilan kasalxonaga yotqizilgan yoki kislorodli terapiyani talab qiladigan bemorlarga mo‘ljallangan emas. — Interfaks.


Berlinda musulmonlar, xristianlar va yahudiylar uchun umumiy ibodatxona quriladi

Foto: twitter.com/GermanEmbassy

Foto: AFP

Berlinda «House of One» ibodatxonasi quriladi, u birdaniga uchta din — islom, xristianlik va yahudiylik vakillari uchun diniy uchrashuvlar joyi bo‘lib xizmat qiladi. Balandligi 42 metr, sariq qumtoshdan bo‘lgan zamonaviy bino Petriplats maydonida, 13 asrda vayron qilingan Petrikirxe cherkovi poydevori o‘rnida quriladi. Ta’kidlanishicha, cherkov ikki shahar — Berlin va Kyoln chegarasida joylashgan bo‘lib, keyinchalik Berlinning tashkil qilinishiga asos bo‘lgan. Binoda cherkov, sinagoga va masjid joylashgan bo‘lib, ularni bitta umumiy zal birlashtiradi.

Qurilish qiymati 47,3 mln yevroga baholanmoqda. Hozirga qadar 40 mln mablag‘ to‘plandi. Pullar Germaniya federal byudjeti, shuningdek 60 dan ortiq mamlakatdan xususiy xayriya shaklida tushgan. Qurilish ishlari 2024−2025 yillarda tugaydi deb taxmin qilinmoqda. — Interfaks.

2022 yilda BAAda «Ibrohimning oilasi uyi» deb nomlangan uchta «Ibrohim diniga» oid ibodatxona ochilishi rejalashtirilgan.


Malida tashqi chegaralar yopildi va komendantlik soati joriy etildi

Malidagi harbiy hukumat buyrug‘i bilan quruqlik va havo chegaralari yopilib, mamlakatda komendantlik soati joriy etilmoqda. Komendantlik soati butun mamlakat bo‘ylab soat 20:00 dan 06:00 gacha amal qiladi. Ushbu choralar Malida 24 may kuni harbiylar mamlakatning muvaqqat prezidenti Ba Ndao va bosh vazir Moktar Uanni hibsga olib, ularni mamlakat poytaxti yaqinidagi armiya bazasiga joylashtirgandan so‘ng boshlangan siyosiy inqiroz bilan bog‘liq holda qabul qilindi. Bir kun o‘tgach, vitse-prezident Assimi Goita ularni barcha vakolatlardan mahrum qilganligini e’lon qildi. 27 may kuni Goitaning maslahatchilaridan biri Ba Ndao va Moktar Oan iste’foga chiqishini e’lon qilganligini ma’lum qildi. Mali harbiylari mamlakatning vaqtinchalik rahbarlarini ozod qildi.

Shu bilan birga, 27 may kuni davomida Bamakoda Gaita boshchiligidagi harbiy guruh va G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (ECOWAS) Maliga kelgan vositachilar delegatsiyasi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ma’lum qilinishicha, ECOWAS Mali harbiylarini Ndao va Uanni ozod qilish uchun tezkor choralar ko‘rmasa, keng sanksiyalar bilan tahdid qildi. O‘z navbatida, Goita yaqin ikki kun ichida yangi hukumat tayinlash niyatida ekanligini aytdi. Shu bilan birga, yangi muvaqqat prezident saylangunga qadar, Malidagi oliy hokimiyat harbiy kengash qo‘lida bo‘ladi. — TASS.


Shuningdek:

  • BMT meteorologlarining taxmin qilishicha, yaqin besh yil ichida rekord darajada issiq yil bo‘lishi kutilmoqda. Kelgusi besh yillikning har bir yilidagi o‘rtacha harorat sanoatgacha bo‘lgan davrdagi harorat qiymatlaridan kamida bir daraja yuqori bo‘ladi.