J-United Group kompaniyasi reklamalardagi noto‘g‘ri ma’lumot uchun «Ashxobod» sayilgohi tashrif buyuruvchilariga yetkazilgan zararni qoplab berishi kerak, deb xabar bermoqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning dekabrida Facebook`ning «Potrebitel.uz» guruhida yangi yil reklamasida va’da qilingan shartlar asosida 25−27 dekabr kunlari — yangi yil bayrami ta’minlanmaganligi to‘g‘risida iste’molchining shikoyati e’lon qilingan.

Agentlikning o‘rganishlarida «sayilgohga tashrif buyuruvchilarni chalg‘ituvchi noto‘g‘ri va noaniq ma’lumotlarni reklama bannerida joylashtirgani» oqibatda sayilgoh tomonidan iste’molchilar huquqlari va reklama to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilik normalari buzilgani ma’lum bo‘ldi.

«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasiga muvofiq, ijrochi iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan ish va xizmatlar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart.


Agentlik komissiyasi J-United Group kompaniyasiga noto‘g‘ri reklama olgan boshqa iste’molchilarga ham pul mablag‘lari ko‘rinishidagi yetkazilgan moddiy zarar (faqat kirish uchun) qaytarilishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Sayilgoh ma’muriyati ushbu qaror va chiqarilgan ko‘rsatmadan noroziligini bildirib, sudga murojaat qildi. 17 may kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi Agentlikning ko‘rsatmasini o‘z kuchida qoldirish bo‘yicha qarorni qabul qildi. Shu tariqa, J-United Group MCHJ chiqarilgan ko‘rsatmani ijro etishi shart.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga muvofiq, 2002 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan J-United Group kompaniyasining yagona ta’sischisi Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bo‘lib qolmoqda.


Yanvar oyida «Gazeta.uz» Jahongir Ortiqxo‘jayev bir qator kompaniyalarda yagona ta’sischi ekanligi haqida yozgan edi. Jumladan, Dream Production (100%, ayrim toifalarga kiritilmagan boshqa mashina, uskuna va moddiy boyliklarni ijara va lizingga berish), Vedanta Production (100%, noturar-joy binolarni ijaraga berish va boshqarish), Ekzotella (100%, noturar-joy binolarni ijaraga berish va boshqarish),Sky Wind Systems (100%, maishiy elektronika qurilmalarini ishlab chiqarish), Techno Profil (100%, noturar-joy binolarni ijaraga berish va boshqarish) va «O‘zgazloyiha» (34,47%) kompaniyalarida ulushga ega. Biroq, hozirgi kunga kelib, u yuqoridagi ro‘yxatdan faqat Ekzotella i Techno Profil kompaniyalarida o‘z ulushini saqlab qolgan.