Ijtimoiy tarmoqlarda Misrning «Fly Egypt» aviakompaniyasi samolyoti 26 may kuni Toshkentning markazidan uchib o‘tganligi aytilgan xabar tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Transport vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Toshkent — Qohira yo‘nalishi bo‘yicha FEG 1402 qatnovini bajarayotgan «Fly Egypt» aviakompaniyasining ro‘yxat raqami SU TMG bo‘lgan, Boeing-737 rusumli havo kemasi ekipaji «Toshkent» aeroportidan parvozni amalga oshirish jarayonida noto‘g‘ri manyovrni amalga oshirgan.

«Ayni damda ushbu holat yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 27 dekabrdagi 505-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida fuqaro aviatsiya havo kemalari bilan sodir bo‘lgan aviatsiya halokati va insidentlarini tekshirish qoidalari»ga muvofiq aviahodisa tekshiruvini o‘tkazish yuzasidan komissiya tuzildi», deyiladi xabarda.

Hozirda komissiya tomonidan holat bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.