Ijtimoiy tarmoqlarda JIB Yangiyo‘l shahar sudining majlislar zalida sudlanuvchilar qo‘llarini jarohatlagani aks etgan video lavhalar tarqaldi.

IIV axborot xizmatining izoh berishicha, 25 may kuni JKning 168-moddasi 3-qismi «v» bandi (Firibgarlik xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) va boshqa moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum etilgan va ayni vaqtda 1-son Tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahbuslar:

  • M.Yunusaliyev (1984 y.t., 9 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 27.04.2019 yildan qamoqda),
  • G‘.Murodjonov (1987 y.t. 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 27.04.2019 yildan qamoqda),
  • A.Qudratov (1980 y.t., 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 07.10.2019 yildan qamoqda),
  • E.Sharipov (1987 y.t., 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 07.10.2019 yildan qamoqda),
  • S.Yulchiyev (1989 y.t., 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 07.10.2019 yildan qamoqda)

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudining 25 may kunidagi so‘rovnomasiga asosan boshqa jinoyat ishi bo‘yicha sudga yuborilgan.

Qayd etilishicha, sud jarayoni davomida soat 15:30 larda, M.Yunusaliyev, G‘.Murodjonov va A.Qudratovlar sud tomonidan qo‘yilgan ayblovlardan noroziliklarini bildirib, qo‘llaridagi lezviya bo‘laklari bilan o‘zlariga tan jarohati yetkazgan va turli noo‘rin talablarni qo‘yib, IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan.

«Maxbuslarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ular shu kuni soat 20:00 larda 1-son Tergov hibsxonasiga olib borib topshirilgan», — deyiladi xabarda.

Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB ham munosabat bildirdi. Unda ta’kidlanishicha, «mazkur voqeaning sababi, ularning pul va moddiy boyliklari IIO xodimlari tomonidan olib qo‘yilgan degan xabarlar mutlaqo asossiz».

«Hozirda bu holat to‘liq nazoratga olingan, voqeaning kelib chiqishi, sabablari o‘rganilmoqda. Natijasi yuzasidan batafsil ma’lumot beriladi», — deyiladi viloyat IIBB xabarida.

«Gazeta.uz» manbasining ma’lum qilishicha, mahbuslar Murodboy nomi bilan tanilgan Mirzamurod Yunusaliyev ishiga aloqadorligi yuzasidan sudga chaqirilgan. U 2015 yilga qadar chinozlik Ahmadboyning yordamchilaridan biri bo‘lgani aytilmoqda.

Kun.uz ma’lumotигa ko‘ra, yuqorida qayd etilgan fuqarolar 2020 yilning avgustida «Murodboy ishi» — Mirzamuroda Yunusaliyeva — doirasida JKning 168-moddasi 3-qismi «a» va «v» bandlari, 228-moddasi 3-qismi va 243 moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, tergov harakatlari davomida M.Yunusaliyev 2016 yil yanvar oyida «ERKIN AVTO DILLER» MCHJ zamirida «moliyaviy piramida» tashkil etib, bu ishga o‘zining o‘nga yaqin jinoiy sheriklarini jalb qilgani, ular yordamida 6636 ta holatda 4000 nafarga yaqin fuqaroning 26 mln 870 ming 51 AQSH dollari va 18 mlrd so‘m miqdordagi pul va boshqa mol-mulklarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha qariyb 8 mlrd so‘mlik 18 ta ko‘chmas mulk ob’ektlari (uy, choyxona, do‘kon binosi, noturar bino va inshootlar) xatlangan. Fuqarolarga tegishli 85 ta yengil avtomashinalar ashyoviy dalil tariqasida olingan. Ushbu avtomashinalarning barchasi belgilangan tartibda baholanib, o‘z egalariga qaytarilgan.