Senat bir qator qonunlarni ko‘rib chiqadi

28−29 may kunlari Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi. Ushbu majlisda Senat transport to‘g‘risidagi qonun, Saylov kodeksiga va boshqa qonunlarga o‘zgartirishlar, 2030 yilgacha gender tengligi strategiyasi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadi va hukumatning davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobot eshitiladi.

Toshkent viloyatida bir yarim ming gektardan ortiq yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingan

Toshkent viloyatida 9 ming 614 ta holatda 1618 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi. Bundan tashqari, yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishidan oldin yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmagani qayd etildi.

O‘zbekistonda sotuvi to‘xtatilgan Equinox avtomobillari Qozog‘istonda sotuvga chiqarildi

Qozog‘istonda Chevrolet Equinox avtomobillari 3 490 000 tenge (331 mln so‘m atrofida) narxida sotilmoqda. UzAuto Motors saytida e’lon qilingan narxlarga ko‘ra, O‘zbekistonda avtomobil narxi 414 mln so‘mga teng deb belgilangan.

COVID-19 ga qarshi 1,2 milliondan ortiq kishi emlandi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi 1-bosqichda emlanganlar 1 212 597 nafarni, 2-bosqichda emlanganlar 470 519 nafarni tashkil qilmoqda. Emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari qayd qilmoqda.

Samarqandda maktab-internati tarbiyalanuvchilari kaltaklangani haqidagi xabar hokimlik va senat tomonidan o‘rganiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi 63-sonli maxsus maktab-internatining tarbiyalanuvchilari yuz-ko‘zlari ko‘kargani aks etgan surat va xabarlar tarqaldi. Holat hokimlik tomonidan o‘rganilmoqda, Senat tomonidan nazoratga olindi.

Nurafshon IIB boshlig‘i avtohalokatda vafot etdi

Nurafshon shahar IIB boshlig‘i, podpolkovnik Navro‘z Omonboyev vafot etdi. Podpolkovnik “Kuchlik” neft baza yaqinida avtohalokatga uchragan.

Samarqandda 50 ming dollar va mashina evaziga noqonuniy yer sotayotgan shaxslar ushlandi

Oqdaryo tumanida 1 gektar yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming dollar va Nexia-3 avtomashinasi talab qilgan mas’ul shaxslar qo‘lga olingan. Shuningdek, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om, Samarqand va Payariq tumanlarida ham noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.

“2021 yil hisobidan hali birorta mahkum koronavirusga chalingani yo‘q” — IIV vakili

Ombudsman Feruza Eshmatova boshchiligidagi ekspertlik guruhi 23-son mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashgan kasalxonaga bordi. Unga hamrohlik qilgan IIV Jazoni ijro etish departameni tibbiy bo‘limi boshlig‘i Bahodir Yusupovning aytishicha, qamoqxonalarda yil boshidan beri COVID-19`ga chalinish holatlari qayd etilmagan.

Shahrisabzda masjid hovlisida ayvon qurilishi nima sababdan to‘xtatilgani ma’lum qilindi

Shahrisabz shahridagi Hazrati Imom masjidi hovlisida namoz o‘qish ayvonining qurilishi to‘xtatildi. Bunga qurilish haqida tegishli tashkilotlar ogohlantirilmaganligi sabab bo‘lgan. Musulmonlar idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili ayvon binosi hududdagi tarixiy obidalarga hech qanday zarar yetkazmasligini ta’kidladi.

“Murodboy ishi” bo‘yicha sud zalida yuz bergan tartibsizlik yuzasidan IIV izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda JIB Yangiyo‘l shahar sudi majlislar zalida sudlanuvchilar qo‘llarini kesib, tartibsizlikni yuzaga keltirgani aks etgan video tarqaldi. IIV mahbuslar lezviya bo‘laklari bilan o‘zlariga tan jarohati yetkazgani, noo‘rin talablarni qo‘yib, ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganini ma’lum qildi. Viloyat IIBB esa voqeaning kelib chiqish sabablarini o‘rganmoqda.

MIB xodimi ikki yilda 596 mln so‘mni o‘zlashtirib yuborgani ma’lum bo‘ldi

Toshkentda MIB xodimi ikki yil ichida depozit hisobvarag‘iga kelib tushgan 596 mln so‘mdan ko‘proq pulni talon toroj qilgani aytilmoqda. U buni elektron to‘lov topshiriqnomalariga soxta ma’lumotlarni kiritish yo‘li bilan amalga oshirgan. Sudlanuvchiga 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Sobiq mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga murojaati bo‘yicha to‘liq tushuntirish berilgan edi — Vazirlar mahkamasi xodimi

Vazirlar mahkamasi mas’ul xodimi murojaat bilan kelgan sobiq mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga masala hal qilinishi bo‘yicha tushuntirish berilganligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, murojaatchilar har biriga 100 mln so‘mdan pul to‘lab berilmasa, uylariga qaytmasliklarini aytib shart qo‘ygan. Hukumat apparati xodimi voqea Vazirlar mahkamasi binosida emas, binoning oldida, fuqarolar qabul qilinadigan hududda sodir bo‘lganligini ma’lum qildi.