26 may kuni Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi ekspertlik guruhi Toshkent shahridagi 23-son mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashgan kasalxonaga tashrif buyurdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Respublikada yagona bo‘lgan mazkur shifoxonada umumiy, qattiq, maxsus tartibli koloniyalardagi barcha erkak mahkumlar, umrbod qamalganlar ham davolanadi. Ayol mahkumalar esa kasallik toifasiga ko‘ra, SSV tizimidagi shifoxonalarda, maxsus qo‘riqlov asosida tibbiy xizmatdan foydalanishadi.

Monitoring o‘tkazish vaqtida ombudsmanga IIV Jazoni ijro etish departamenti tibbiy bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Bahodir Yusupov hamrohlik qildi. U 2020 yilning pandemiya sabab qamoqxonalarda ham epidemiologik vaziyat keskinlashganini, shu bois jazoni ijro etish muassasalari uchun alohida laboratoriya tashkil etilganini qayd etdi.


«Shu PZR laboratoriyasini 2020 yilning 20 avgustida ishga tushirdik. 28 kunda qurib bitkazildi. Hozirgi kunda butun qamoqxona tizimi — viloyatlardan olib kelinsa ham shu yerda tekshiruvdan o‘tkaziladi. Saqlash uchun muzlatkichlar ham o‘rnatilgan. 10 nafar tibbyot xodimi bor», — dedi polkovnik.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu laboratoriya uchinchi va to‘rtinchi darajali o‘ta yuqumli kasalliklarni aniqlashga mo‘ljallangan. «Hozirgi paytda bu nafaqat PZRni balki, Gepatit B, S, D, sifilis, OITSni ham aniqlanayapti. Qolaversa, immunoglobulin M (IgM) i G (IgG)larni ham tekshirayapti», — deya so‘zlab berdi Bahodir Yusupov.

Tashrif davomida polkovnik bu yili qamoqxonalarda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish holatlari kuzatilmaganini ma’lum qildi.

«O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida bu yil hisobidan hali birorta mahkum koronavirusga chalingani yo‘q. AOKAda o‘tkazilgan anjumanda 2020 yili umumiy mahkumlarning 9 foizi kasallanganini aytgan edim. O‘tgan yili koronavirus oqibatida bitta ham o‘lim yuz bermadi», — dedi u.


Respublikaning jazoni ijro etish muassasalaridagi barcha mahkumlardan COVID-19`ga tahlillar olinib, tekshirib turilgani aytildi.

«Surxondaryo, Xorazm, Qoraqalpog‘istondagi muassasalar juda ham uzoq — masofa 1000 kmdan ortiq. Ulardan tahlilni olib, Toshkentga keltirib, tekshirish o‘zini oqlamaydi. Ular o‘zini hududidagi sog‘liqni saqlash tizimidagi laboratoriyalarga olib boradi. Qolgan viloyatlarni hammasi Toshkentga olib keladi va tahlillar tekshiruvdan o‘tkaziladi», — dedi Bahodir Yusupov.

2021 yil yanvar oyi oxirida IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi vakili Jamshid Sultonov O‘zbekistonda jami 27,5 ming mahkum jazo o‘tayotganini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, probatsiya nazoratida 57 ming 36 nafar shaxs nazorat turgani ham ochiqlangandi.