«Tolibon» harakati OAVda AQSHning mintaqada Amerika harbiy bazalarini joylashtirish haqidagi rejalari haqidagi xabarlar ortidan Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarni o‘z hududiga chet el bazalarini joylashtirmaslikka chaqirdi. Bu haqda RIA Novostiga kelib tushgan «Tolibon» bayonotida so‘z boradi.

Eslatib o‘tamiz, may oyi o‘rtalarida The Wall Street Journal AQSH Afg‘onistondan olib chiqilgan qo‘shinlarni Markaziy Osiyo yoki Yaqin Sharqqa joylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgan edi. Eng maqbul variantlar sifatida O‘zbekiston va Tojikiston tilga olingan.

Tolibonlar bayonotida qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda turli OAVlarda «Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistondan qo‘shinlar olib chiqilgandan keyin ham mintaqada qolishni xohlayotgani haqidagi bayonoti nashr etilmoqda. «Tolibon»ning fikricha, aynan xorijiy kuchlar mintaqada xavfsizlik mavjud emasligi va urushlarning asosiy sababchisi hisoblanadi.

«Biz o‘z yerimizdan boshqalar xavfsizligiga qarshi foydalanilmasligini bir necha marta ma’lum qildik va boshqalarni ham o‘z yerlari va havo hududlaridan mamlakatimizga qarshi foydalanmaslikka chaqiramiz», — deyiladi bayonotda.

«Tolibon» aks taqdirda «barcha mashaqqat va qiyinchiliklar uchun javobgarlik bunday xatolarni sodir etganlarning zimmasiga yuklatilishini» ta’kidladi.

«Biz qo‘shni davlatlarni hech kim bunga (chet el kuchlarini joylashirish — tahr.) yo‘l qo‘ymaslikka qat’iy chorlaymiz», — deya qayd etdi toliblar.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil yanvarda qabul qilingan O‘zbekiston Mudofaa doktrinasiga muvofiq, mamlakatga xorijiy harbiy baza va ob’ektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.