Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi rahbariyati tashabbusi bilan byuroning Toshkent shahar boshqarmasi tizimida 2019 yil yanvar oyida tekshirish ishlari olib borilgan.

O‘rganishlar natijasida boshqarmaning moliya-xo‘jalik bo‘limi Depozit hisob varaqalari bilan ishlash guruhi Bektemir tumani bo‘yicha yetakchi mutaxassisi M.U. ikki yil mobaynida depozit hisobvarag‘iga kelib tushgan jami 586,4 mln so‘mni o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani aniqlangan.

Holat yuzasidan 2019 yil 12 fevral kuni JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan Bektemir tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari o‘tkazilib, ish ayblov xulosasi bilan sudga yuborilgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi M.U. 2017 yilning yanvar oyidan 2019 yil fevraliga qadar jami 47 ta holatda sud ijro varaqalari asosida kelib tushgan pul mablag‘larini o‘zlashtirgan.

U buni o‘ziga biriktirilgan va javobgarligida bo‘lgan elektron kalit yordamida ATB Infin bank Sergeli filiali va ATIB Ipoteka bank Yashnobod filialining «E-bank» tizimiga ulanib, elektron to‘lov topshiriqnomalariga sud ijro hujjatlari asosida soxta ma’lumotlar kiritish yo‘li bilan amalga oshirgan. Sudlanuvchi 596 mln 782 ming so‘mni turli fuqarolarning nomiga rasmiylashtirilgan bank plastik kartalari hisobiga o‘tkazgani aytilmoqda.

Yakunda JIB Bektemir tumani sudining 2019 yil 5 iyuldagi hukmiga ko‘ra, M.U. JKning 167-moddasi 3-qismi «a,g» bandlari (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) va 209-moddasi 2-qismi «a» bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan mansab soxtakorligi) bilan aybdor deb topilgan.

Unga 2 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilingan holda, 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jinoyat oqibatida yetkazilgan 596,7 mln so‘m zarar to‘liq qoplangan.