28−29 may kunlari Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati. Ushbu qaror Senat Kengashi tomonidan 25 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qabul qilindi.

Bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisda «Transport to‘g‘risida» gi, «Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida"gi, «O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida"gi, «O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi va boshqa qator qonunlar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi to‘g‘risidagi masala ko‘riladi hamda Vazirlar Mahkamasining Davlat byudjeti 2020 yil va 2021 yil birinchi choragi yakuni bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitiladi.

Yalpi majlisda ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolar hamda koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish, shuningdek, boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi ham ko‘zda tutilgan.