25 may kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtda bo‘lib o‘tgan «Besh tashabbus harakati» festivali doirasidagi yoshlar bilan uchrashuvda maktab o‘quvchilariga sentyabr oyidan joriy etilayotgan hokim stipendiyasi haqida ma’lum qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Stipendiya masalasi Xudo xoxlasa hal bo‘ladi. Hokim stipendiyasi masalasi bo‘yicha biz hozir maktab o‘quvchilariga bu yildan reja qildik. Har bir maktabdan 5 ta fan fizika, matematika, biologiya va kimyo hamda bu yil chet tilini qo‘shdik. Beshta o‘quvchiga hokim stipendiyasi bo‘ladi. Sentyabrdan boshlab har bitta o‘quvchiga oyiga 500 ming so‘mdan va uni tarbiyalagan o‘qituvchisiga 1 mln so‘mdan beriladi. 9 oy o‘qisa maktabda 5 mln so‘m har bir yaxshi o‘qigan, o‘zlashtirgan o‘quvchiga tegadi va 10 mln so‘m uni tarbiyalagan o‘qituvchisiga bo‘ladi», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Poytaxt hokimi OTM talabalariga ham stipendiya joriy etish masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, talabalarga ham stipendiya ajratilishining imkoni «ular orasidan yaxshilari yetishi chiqib, katta-katta soliqlarni to‘laganlaridan so‘ng» paydo bo‘ladi.

«Sekin-cyekin boyisak [talabalar stipendiyasi] bo‘ladi, birdaniga hammasini qila olmaymiz. Bu yil maktabda joriy qildik, Xudo xoxlasa ishlarimiz yurishib, talabalarimiz ichidan yaxshilari yetishib, katta-katta korxonalarni qurib, ular katta-katta soliqlar to‘lagandan keyin hokim stipendiyalari paydo bo‘ladi. Talabalar zo‘r o‘qib, chet elga borib, u yerda ishlab, O‘zbekistonga soliq to‘lamasa, qayerdan bizda [stipendiya] bo‘ladi to‘g‘rimi? O‘zlaringiz katta bo‘lasizlar, o‘zlaringiz korxonalar ochasizlar, o‘zingiz soliq to‘laysizlar va o‘shandan imkoniyatlar yaratiladi», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.