Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi fermer xo‘jaligi raisi tuman hokimligida bosh mutaxassis lavozimida ishlovchi qarindoshi bilan o‘zaro kelishgan holda noqonuniy yo‘l bilan yer sotayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Oqdaryo tumani hokimligida bosh mutaxassis lavozimida ishlovchi shaxs o‘zi rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligiga qarashli sug‘oriladigan 1 gektar yer maydonini hokimlik zaxirasiga qaytarib, so‘ngra uni issiqxona tashkil qilmoqchi bo‘lgan Samarqand shahrida yashovchi fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga, undan 50 ming dollar va Nexia-3 avtomashinasi talab qilishadi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlarining viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida ushbu shaxslar so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Samarqand viloyatining bir qator tumanlarida noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.

Pastdarg‘om tumanida

Pastdarg‘om tumanida davlat soliq inspeksiyasi inspektori chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari bilan o‘zaro kelishgan holda, ushbu fermer xo‘jaligiga qarashli 15 gektar yer maydonini boshqa bir fuqaroga intensiv bog‘ tashkil etishi uchun tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga, undan 13 ming dollar talab qilishgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Samarqand tumanida

Samarqand tumanida yashovchi 2 nafar fuqaro o‘zlari ijara asosida foydalanib kelayotgan, hokimiyat balansida bo‘lgan tog‘li hududdagi 3 gektar yaylov yer maydonini mahalliy fuqaroga 30 ming dollarga sotishni rejalashtirib, tuman hokimligidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilishadi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxslar so‘ralgan puldan 12,5 ming dollarni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Payariq tumanida

Samarqand viloyati Payariq tumani g‘alla va paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari mahalliy tadbirkorning ishonchiga kirib, unga intensiv bog‘ tashkil etishi uchun tuman hokimligida rahbarlik lavozimlarida ishlovchi tanishlari orqali 30 gektar yer maydoni olib berishni va’da qilib, buning evaziga 15 ming dollar so‘raydi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pulning 7,5 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Payariq tumanida kuzatilgan yana bir holatda fermer xo‘jaligi rahbari mazkur xo‘jalikning sug‘oriladigan 1 gektar yer maydonini parrandachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga 15 ming dollarga sotishga kelishadi va hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qiladi.

Fermer xo‘jaligi rahbari so‘ralgan puldan avans sifatida 4 ming dollar olgan vaqtida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Ma’lum qilinishicha, hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.