25 may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining yig‘ilishida tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarining kafolatlari ta’minlanishi, yerdan maqsadli foydalanish masalalri ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, Toshkent viloyatida uchastkalarga bo‘lgan huquqlar kafolatlarining ta’minlanishi o‘rganilganda 9 ming 614 ta holatda 1618 ga. yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan.

Shuningdek, viloyat hokimi qarori bilan tadbirkorlik sub’ektlariga yer ajratib berishda Qibray, Quyi Chirchiq, Ohangaron, Parkent, Yuqori Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlarida Yer kodeksi talablari bajarilmagan, berilgan yer maydonlaridan tadbirkorlarning qanday foydalanayotgani yetarlicha nazoratga olinmagani qayd etilgan.

Bundan tashqari, yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishidan oldin yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmagan va ayrim shaxslarga yetkazilgan zararlar bugungi kungacha ham to‘la qoplanmagani ta’kidlandi.

Senat Kengashi majlisida hokimiyat va mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining o‘rganish natijalari bo‘yicha tayyorlangan ma’lumotnomada jiddiy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar masalasini ko‘rib chiqish va ularga tegishli choralar ko‘rish to‘g‘risida viloyat hokimligi hamda vazirlik va idoralar rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi, deyiladi xabarda.