Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 63-sonli maxsus maktab-internatidagi bolalarning yuz-ko‘zlari ko‘kargan suratlari tarqaldi. Unda maktab tarbiyalanuvchilari yirtiq-yamoq kiyimdaligi, ayrim bolalarning ko‘z va yuz qismlari ko‘kargan holatdaligi fotolavhalar ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Senat axborot xizmati izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, holat Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Tegishli idoralarga ushbu masala qonuniy ko‘rib chiqilishi yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.

Samarqand viloyati hokimligi bergan munosabatga ko‘ra, holat yuzasidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, faoliyati davomida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan mas’ullar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinib, amaldagi qonunchilikka muvofiq surishtiruv ishlari davom etmoqda.

«Maktab-internatda sodir bo‘lgan mazkur holat yuzasidan o‘rganish natijalariga asosan batafsil ma’lumot beramiz», — deyiladi xabarda.