Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida joylashgan Hazrati Imom masjidi hovlisida namoz o‘qish ayvoni ogohlantirilmasdan qurilayotgani uchun to‘xtatildi. Madaniy meros departamentiga ko‘ra, bu qurilish biror hujjat, loyihasiz olib borilgan. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiriga Madaniy meros deportamenti boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Alibek Rasulov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, departament Shahrisabz shahrining regeneratsiya loyihasini ishlash maqsadida may oyida xorijlik ekspertlar bilan tashrif amalga oshirilgan. Tashrifdan maqsad, Shahrisabz tarixiy markazini regeneratsiya qilish hamda Ko‘k gumbaz masjidini ta’mirlash loyihasini ishlab chiqish bo‘lgan.

“Hazrati imom masjidida olib borilayotgan ayvon qurilishi vaqtida borib qoldik. Mazkur qurilish yuzasidan masjid mas’ul xodimlaridan biror hujjat, loyiha bor-yo‘qligini so‘raganimizda, biror hujjat yoki loyiha taklif etishmadi. Bu holat xorijlik ekspertlar oldida biz uchun noqulaylikka sabab bo‘ldi. Biz bu ayvon qurilish holatini to‘xtatdik. Masjidning mas’ul xodimlaridan keyingi kunlarda ba’zi qismlarini buzishni so‘radik”, — deydi Alibek Rasulov.

Ma’lum qilinishicha, qurilish ishlar departamentni ogohlantirmasdan qilingan. Shuningdek, Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi Shahrisabz tarixiy markazi mas’ul xodimini ham ogohlantirilmasdan, ishlar olib borilgan.

“Madaniy meros — xalqniki. Biz ularni kelajak avlodga bus-butun yetkazishimiz kerak. Bo‘layotgan qurilish ishlari merosga qandaydir ta’sir qilishi mumkin. Uning qaysidir qismi buzilishining oldini olish maqsadida biz qurilishni to‘xtatdik”, — deydi departament boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari.


Qayd etilishicha, ayvon qurilishi namoz o‘qish uchun keladigan insonlarga qulaylik tug‘dirish maqsadida qilingan. “Lekin barcha narsada xat-hujjat degan narsalar bor. U qurilish masjid hovlisida bo‘lgan. Unda beton konstruksiyalardan foydalangan. Ekspertlar bilan yurganimizda ular madaniy meroslarda hech qachon beton, sement konstruksiyalar ishlatilmasligini e’tirof etishgan”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

“Gazeta.uz” so‘roviga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom xatibi R. Usmonov holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yilda Hazrati Imom jome masjidi hovlisining bir qismida, masjidning sharq tarafida hashar yo‘li bilan bo‘yi 27 metr, eni 12 metr bo‘lgan bo‘lgan zamonaviy ayvon qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu yangidan qurilayotgan ayvon mazkur hududda joylashgan Jahongir Mirzo maqbarasidan 50 metr uzoqlikda, Hazrati Imom tarixiy masjidi binosidan 25 metr uzoqlikda joylashgan.


“Mazkur ayvon binosi ushbu hududda joylashgan tarixiy obidalardan ma’lum darajada uzoqlikda joylashganligi sababli ushbu obidalarga hech qanday zarar yetkazmaydi”, — deyiladi ma’lumotnomada.

Qayd etilishicha, ushbu ayvonni Hazrati Imom jome masjidi xonaqohi 250 nafar, ayvoni 150 nafar, jami 400 nafar namozxon sig‘imiga egaligi va ushbu miqdor biroz torlik qilayotganligi uchun hamda namozxonlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qurish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakilii o‘rinbosari Muhammad Qorayev “Gazeta.uz"ga ayvon qurilishi to‘xtatilganini tasdiqladi.