14 aprel kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumani Kengashiga Xalq demokratik partiyasidan deputat O‘ktam Jabborov bir guruh shaxslar tomonidan tayoqlar bilan kaltaklandi, deya xabar bermoqda XDP matbuot xizmati.

Ushbu voqea sodir bo‘lgan joydan olingan videolavhalar yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgandan so‘ng turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Partiya ma’lumotlariga ko‘ra, tuman IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov olib borilmoqda.

«Holat yuzasidan Boysun tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Surishtiruv ishlari boshlanganiga bir yarim oydan oshgan bo‘lsa-da, hamon muayyan bir xulosaga kelinmagani, tergov harakatlari cho‘zib yuborilgani jabrlanuvchi, uning yaqinlarining noroziligiga, partiyadoshlarining xavotiriiga sabab bo‘lmoqda», — ta’kidladi XDP.

Partiya Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligidan mazkur jinoyat ishi tergovini nazoratga olishni, aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘radi.