UzReport TV telekanali Unitel (Beeline savdo belgisi) kompaniyasi mualliflik huquqini buzganlikda ayblab, sudga murojaat qildi.

Telekanalning da’vo arizasida ta’kidlanishicha, Beeline shartnoma tuzmasdan, UzReport TV va Futbol TV efirlarini o‘ziga tegishli bo‘lgan Beeline TV mobil dasturida qayta translyatsiya qilish bilan shug‘ullanmoqda.

«Shu tariqa mobil operatori telekanalning qonuniy huquqlarini buzib, moddiy manfaat ko‘rib kelmoqda», — deyiladi xabarda.

UzReport TV qayd etishiga ko‘ra, bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, Unitel MCHJ kompaniyasi yuqorida ko‘rsatilgan xatti-harakatlarini bartaraf etish yuzasidan chora ko‘rmadi.

Telekanal o‘z da’vo arizasida «Beeline TV» mobil ilovasida UzReport TV va Futbol TV telekanallarini shartnoma tuzmasdan namoyish etmaslikni so‘ragan.

UzReport TV (Futbol TV) — Yevropaning bir qator mamlakatlari milliy chempionatlari, Chempionlar Ligasi, Yevropa Ligasi, Yevropa va Jahon chempionatlari hamda boshqa ko‘pgina futbol o‘yinlarini translyatsiya qilishning eksklyuziv mualliflik huquqi egasi hisoblanadi.

Beeline munosabati

«Gazeta.uz» so‘roviga binoan, Beeline Uzbekistan kompaniyasi mualliflik huquqini buzganlikdagi ayblov bilan rozi emasligini va amaldagi qonunchilik doirasida o‘z pozitsiyasini himoya qilishga tayyorligini bildirdi.

«Televizion tarqatish tarmog‘i xizmatlarini ko‘rsatish uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan tuzilgan litsenziya kelishuvi, tuzilgan shartnomaga muvofiq, „O‘zbekiston kabel televideniyesi“ MCHJ Unitel MCHJga Beeline TV platformasida telekanallarni retranslyatsiyasini amalga oshirish uchun „Yagona signalni yetkazib berish“ bo‘yicha xizmatlarni taqdim etadi», — deyiladi xabarda.

Beeline ta’kidlashiga ko‘ra, «O‘zbekiston kabel televideniyesi» bu O‘zbekistondagi Yagona signal — Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan tasdiqlangan OAV televideniye mahsulotlaridan tashkil topgan televideniye kanallarining (dasturlarining) belgilangan to‘plamini tarqatuvchisi hisoblanadi.

" «O‘zbekiston Kabel Televideniyasi» MCHJ tomonidan taqdim etilgan doimiy telekanallar to‘plamiga «Uzreport TV «va «Futbol TV «ham kiradi. Tuzilgan shartnomaga binoan, «Unitel» MCHJ televizion kanallarning «O‘zbekiston Kabel Televideniyasi» MCHJ tomonidan taqdim etilgan belgilangan paketini mustaqil ravishda o‘zgartira olmaydi», — deyiladi kompaniya xabarida.

Beeline agar kerak bo‘lsa, kompaniya sudda o‘z dalillarini taqdim etishini ma’lum qildi.