Ilgari O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan Bog‘is va Xiyobon qishloqlari rasman Qozog‘istonning Turkiston viloyati tarkibiga kiritildi. Bu haqda Qozog‘iston hukumatining qarori qabul qilindi.

Tengrinews.kz 2002 yilda O‘zbekiston va Qozog‘istonning birinchi prezidentlari o‘zbek-qozoq davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomani imzolaganini eslatib o‘tdi. Unga asoslanib, «Deutsche Welle»ning yozishicha, Bog‘is qishlog‘i va beshta aholi punktiga ega Arnasoy to‘g‘oni imzolangan shartnomaga muvofiq, O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tkazilgan.

O‘zbekistonga uchta aholi yashash punkti: Qizilo‘rda viloyatining Qoraqalpoq tumani va Turkiston qishlog‘idagi Nsan-1, Nsan-2 va Boymurot berilgan.

Qozog‘istonga Xiyobon qishlog‘i hukumatlararo komissiyaning 2004 yildagi bayonnomasiga asosan o‘tkazilgan, deya aniqlik kiritdi «Nigoh» telegram kanali.

Qozog‘iston hukumati qarori bilan 750 gektar maydonga ega Bog‘is qishlog‘i Akjar qishlog‘i okrugiga va 45,62 gektar maydonga ega Xiyobon qishlog‘i — Sariag‘ash tumanining Kurkeles qishlog‘i okrugiga qo‘shildi.

Bog‘is qishlog‘ining joylashuvi. Foto: Wikipedia.org.

Qozog‘iston nashrining yozishicha, Bog‘is qishlog‘idagi uylarning bir qanchasi maqomi aniqlanmagani uchun 19 yil davomida rasman ro‘yxatga olinmasdan kelgan. Aholi yashash punkti Qozog‘istonning rasmiy xaritasiga ham rasman kiritilmagan. Aholi ushbu masalani bir necha bor hokimiyat oldida ko‘tarib chiqqan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev avvalroq, hukumatga Bog‘is va Xiyobon qishloqlari bilan bog‘liq vaziyatni hal qilishni buyurgan edi.

Tengrinews.kz yozishicha, 16 mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Yerali Tug‘janov boshchiligidagi ishchi guruh qishloqlar aholisi bilan uchrashgan. Odamlar mol-mulk va yer uchastkalarini rasmiylashtirish kabi muammolarni ko‘tarishgan.

Natijada aholi yashash punktlari rasmiy maqomga ega bo‘lib, ularning chegarasi belgilab berildi. Yer maydonlari va mol-mulkni inventarizatsiya qilish ishlari yakunlandi. Iyul oyida mintaqaning oltita qishloqni tabiiy gaz bilan ta’minlashga va’da berildi va kelgusi yili Bog‘isda 300 o‘rinli maktab qurilishi aytildi.

Nashr Qozog‘iston TIVga tayanib, Bog‘is qishlog‘i yaqinidagi davlat chegarasining bir qismini demarkatsiya qilish 2004 yilda amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Qozog‘iston-O‘zbekiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnoma tuzish orqali O‘zbekiston bilan chegarani demarkatsiya qilish ishlarini bir-ikki yil ichida yakunlash rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.