Poytaxtda o‘tkazilayotgan «Besh tashabbus harakati» doirasida seshanba kuni bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov yoshlar bilan muloqot qildi.

Unda ishtirokchilardan biri vazirga yuzlanib, tarixiy yo‘nalish bilan bir qatorda ekoturizmni rivojlantirish orqali ko‘proq turistlarning e’tiborini tortish imkoniyati borligini ma’lum qildi.

Buni taklif qilgan Shahboz Zaripovning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatga qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish imkonini beradi.

«Yana bir taklifim bor. Sayyohlar Samarqanddan Buxorogacha bo‘lgan yo‘lda sakkizta tumanni bosib o‘tishadi. U yerda siz agroturizmni rivojlantirishingiz mumkin. Masalan, sayyohlarni uzum yig‘ish jarayonlarida qatnashishga yuborsa bo‘ladi. Bunday yo‘nalishlar chet yellarda bor», — dedi Shahboz, bu O‘zbekistonda ham ommalashib ketishiga ishonch bildirib.

Uchinchi taklif, ushbu yo‘nalishga qiziqqan xorijiy olimlarni jalb qilish imkonini beradigan ilmiy turizmni rivojlantirish haqida bo‘ldi.

Bunga javoban, turizm va sport vaziri taklif muallifidan «Agar biz sizni vazirlikka ishga taklif qilsak, rozi bo‘lasizmi?», deb so‘radi va takliflar uchun unga minnatdorlik bildirdi. Shahboz Zaripov esa turizm yo‘nalishida faoliyat yuritish orzusi ekanligini qayd etdi.

Aziz Abduhakimov bu istiqbolli yo‘nalishlar ekani va berilgan takliflarni 100 foiz qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.