Respublika shoshilinch tez tibbiy yordami ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov 2021 yilda bitta tez tibbiy yordam chaqirig‘i uchun 7700 so‘mdan mablag‘ ajratilganini ta’kidladi. Bu haqda u AOKAda o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, prezidentning maxsus farmoni va tez tibbiy yordam xizmatini maxsus tez yordam mashinalari bilan jihozlash standarti 2016 yilda 15 000 aholiga bitta bo‘lsa, 2017 yili farmon ishlab chiqilgandan keyin 13 000 aholiga bitta tez yordam mashinasi ta’minlanishi yo‘lga qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, tez tibbiy yordam brigadalari hozirgi kunda 2685 taga yetgan. Bunda vrachlar brigadasining ulushi 94,5% ni tashkil qiladi.

Foto: Videodan lavha

Tez tibbiy yordam brigadalari chaqirilgan joyga yetib borish vaqtini minimallashtirish maqsadida qishloq oilaviy poliklinikalarida tez yordamni qo‘llab-quvvatlash punktlarini tashkil etish orqali qo‘shimcha 773 ta tez yordam brigadalarini joylashtirish punktlari tashkil etildi. Hozirgi kunda bunday brigadalarning umumiy soni 1591 tani tashkil etadi.

Foto: Videodan lavha

«Tez yordam xizmati uchun ajratilgan mablag‘ sezilarli darajada oshgan. 2020 yil dori-darmon va tibbiy buyumlar sotib olish uchun 58 mlrd so‘m ajratilgan. 2016 yilga nisbatan 12 baravar ko‘p mablag‘ ajratilganini ko‘rsatadi. 2016 yili bitta chaqiriq uchun 745 so‘mdan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2021 yilda bitta chaqiriq uchun 7700 so‘mdan mablag‘ ajratiladi», — deydi To‘laganov.

Barcha tez yordam stansiyalarida call-markazlar tashkil etilganligi aytib o‘tildi. Bu esa dispetcherdan tez tibbiy yordam brigadalariga qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish va uzatish vaqtini sezilarli darajada qisqartirishga, tez yordam brigadasi kelguniga qadar qo‘ng‘iroq qilayotgan odamga telefon orqali konsultativ yordamni tashkil etish imkonini beradi.

To‘laganovning so‘zlariga ko‘ra, tez tibbiy yordamning moddiy texnik bazasini mustahkamlash, uning avtoulov parkini yangilash va kengaytirish, tez tibbiy yordam guruhlarini yangi tashkil etilgan punktlarga joylashtirish natijasida chaqiruvlarga kechikish vaqti 10−12% dan 1−2%gacha kamaygan. Chaqiruvga yetib borishning o‘rtacha vaqti 20−30 daqiqadan, 8−12 daqiqagacha kamaygan.