«Andijon neft bazasi» MCHJda o‘tkazilgan o‘rganish natijasida neft mahsulotlarining saqlanishi, iste’molchilarga yetkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan ko‘plab noo‘rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi, deya xabar qildi «O‘zbekneftgaz» matbuo xizmati.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi 149-sonli qaroriga asosan, neft mahsulotlari to‘lov oldindan 100 foiz o‘tkazilganda yetkazib berilishi belgilangan bo‘lsada, amalda belgilangan me’yoriy hujjatlarga muntazam amal qilmaslik oqibatida «Andijon neft bazasi» MCHJda 24,3 mlrd so‘mdan ziyodroq debitor qarzdorlik yuzaga kelgan bo‘lib, ushbu debitor qarzdorliklari 1 aprel holatiga muddati o‘tgan hisoblanadi.

Bundan tashqari, o‘z vaqtida undiruv choralari ko‘rilmagani natijasida, «Jizzax neft bazasi» MCHJ bo‘yicha 2006−2017 yillarga oid 8,675 mlrd so‘m debitorlik qarzdorligi «umidsiz qarz»ga aylanib ulgurgan.

2019−2021 yillarda jamiyat hamda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi bilan tuzilgan «Mas’ul saqlash shartnomasi»ning 4.1.-bandi «Mas’ul saqlovchi» yoki xaridor «Mas’ul saqlovchi» sig‘imlarida saqlanilayotgan «Buyurtmachi»ga tegishli mahsulotlarni O‘zbekiston Tovar xomashyo birjasi orqali «Buyurmachi» tomonidan savdoga qo‘yilgan miqdorlar bo‘yicha sotib oladi deb ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsada jamiyat tomonidan o‘rtadagi shartnoma majburiyatlariga rioya qilmasdan yuqoridagi korxonalarga tegishli bo‘lgan jami qiymati 55 mln 667 ming so‘mdan ziyodroq (O‘zRTHBning 10−12.05.2021 yildagi o‘rtacha kotirovka narxlarida 61 mln 907,6 ming so‘mlik) 7700,2 tonna neft mahsulotlarini belgilangan tartibda birja savdolari orqali sotib olmasdan iste’molchilarga noqonuniy tarzda yuklab jo‘natilgan.

Natijada, ishlab chiqarish korxonalariga ushbu mablag‘ to‘lab berilmagan, bugungi kunda ushbu berib yuborilgan mahsulot hisobiga yuqorida qayd etilganidek muddati o‘tgan debitorlik qarzdorligi mavjud bo‘lsa, qolgan mablag‘lar esa jamiyatning ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilgan.

Ta’kidlanishicha, 2019−2021 yillar davomida jamiyat va uning filiallari tomonidan birja savdolari orqali sotib olmasdan, noqonuniy tarzda iste’molchilarga yuklab jo‘natgan neft mahsulotlari xozirgi kundagi xarid narxlari bilan solishtirib hisoblanganda, jamiyat va uning filiallari ko‘radigan zarar miqdori jami 6 mlrd 240 mln 470,1 ming so‘mni tashkil etmoqda.

O‘rganish davomida, «Andijon neft bazasi» MCHJ va uning filiallari tasarrufidagi 12 ta FYOTSHlar tomonidan viloyatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtiruvchi iste’molchilarga jami 33 mln so‘mlik 5144 litr neft mahsulotlaridan kamomadi aniqlanib, qisman o‘rganish jarayonida qoplandi. Shuningdek, 5 ta FYOTSHlarda jami 6343,5 ming so‘mlik 862 litr neft mahsulotlari ortiqchaligi aniqlandi.

Mablag‘ iqtisodi, xarajatlar rejasiga amal qilish borasidagi vaziyat ham achinarli holatda. «Andijon neft bazasi» MCHJ xamda uning filiallari tomonidan 408 ta xolatda jami 129 mln 749 ming so‘mlik ish xaqi, moddiy yordam pullari va mukofot pullari ortiqcha hisoblanib to‘langan, kompensatsiya to‘lovlari noo‘rin hisoblangan. Mehnat shartnomasi bekor qilingan 6 nafar sobiq xodim nomiga 29 mln 997 ming so‘m ish haqi yozilgan.

Ishdagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ortidan, «Andijon neft bazasi» direktorining birinchi o‘rinbosari — bosh muhandis J. Qutliqov, direktorning marketing va mahsulot sotish bo‘yicha o‘rinbosari A. Qurbonov, iqtisodiy masalar bo‘yicha direktorning o‘rinbosari B. Yorqulov, bosh buxgalter-bo‘lim boshlig‘i F. Yusupov, neft mahsulotlarini sotish, tarqatish va saqlash bo‘limi boshlig‘i A. Ibragimov, buxgalteriya bo‘limi neft mahsuloti uchyoti va boshqa mijozlar bilan ishlash buyicha yetakchi mutaxassisi A. Mamatqulov, «Poytug‘» filiali boshlig‘i D. Mahmudov, «Poytug‘» filiali ish xaqi buxgalteri G‘. Rahimov, «Poytug‘» filiali buxgalteriya bo‘limi boshlig‘i-bosh buxgalteri Q. To‘xtasinov egallab turgan lavozimidan ozod etildilar.

«Andijon neft bazasi» MCHJda olib borilgan o‘rganishlar natijasida, «O‘zbekneftgaz» AJ Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti tomonidan aniqlangan qonunbuzilish holatlari o‘rganish hujjatlari, qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish davlat idoralariga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida 2021 yilning 11 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun «Jizzax neft bazasi» direktori M. Akbo‘tayev va «Andijon neft bazasi» direktori I. Boltaboyev egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro hamda Jizzax neft bazalarida ham mahsulotlar saqlanishi, iste’molchilarga yetkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan ko‘plab noo‘rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlangani haqida xabar qilingan edi.