25 may kuni bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov «Besh tashabbus harakati» festivali doirasida yoshlar bilan muloqot qildi.

Suhbat davomida u jurnalistlarning bir insonning ko‘plab lavozimlarda ishlashi o‘sha sohalardagi ish sifati tushishiga ta’sir etish yoki etmasligiga oid savoliga javob berdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Ochig‘ini aytganda men o‘zim borib u lavozimlarni talab qilib, olgan joyim yo‘q. Men o‘zi qancha bir yo‘nalishda ishlasam, ijro etish shuncha osonroq bo‘ladi. Lekin mana ko‘rsangiz, lavozimlar mantiqiy nuqtai nazardan hammasi bog‘langan. Ya’ni, bu bittasi tibbiyotdan bo‘lib, ikkinchisi avtomobil sanoatidan emas. Hammasi turizmga oid. Baribir ham ushbu vazifalarni men bajarar edim. Lekin ayrim hollarda eng muhim yo‘nalishlar bo‘yicha hurmatli prezidentimiz, hukumat „borib, o‘zing javobgar bo‘lgin“, deydi… Ochiq aytganda, qayerdadir kamchiliklar bo‘lsa, ular bilan mazkur lavozimdagi inson shaxsan o‘zi — vaqtida va tez shug‘ullangani boshqacha», — dedi vazir.

U shuningdek, ko‘pchilikning Aziz Abduhakimovni bir nechta lavozimda ishlashi va uning hammasidan oylik olishi haqidagi fikrlariga ham to‘xtalib o‘tdi.

«„Bu hammasida ishlab hammasidan oylik oladimi, shu pulni qayerga ishlatadi“, degan savollar ham bo‘ladi. Bitta narsani aytishim mumkin, men faqat bosh vazir o‘rinbosari sifatida oylik olaman», — deya ta’kidladi Abduhakimov.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2021 yil 9 apreldagi bir qancha qaror va farmonlari bilan bosh vazirning o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimi tugatilib, uning o‘rniga bosh vazirning o‘rinbosari — turizm va sport vaziri lavozimi joriy qilingan edi. O‘shanda ushbu lavozimga Aziz Abdukaxarovich Abduhakimov munosib ko‘rilgan.

Shu yilning yanvar oyi oxirlarida Abduhakimov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisligiga ham saylangan edi.

Bunga qadar unga Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti rektori, «Chorvoq» erkin turistik zonasi direksiyasi direktori hamda O‘zbekiston Badminton federatsiyasi raisi vazifalari ham yuklatilgandi.