Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 25 may kuni «Besh tashabbus harakati» festivali doirasida yoshlar bilan uchrashuvda chiroyli nutqlar qilish qo‘lidan kelmasligini ma’lum qildi. Shahar hokimi Yosh Tadbirkor University loyihasini ishga tushirish marosimi doirasida so‘zga chiqish taklifiga javoban shunday dedi, deya xabar qilmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Men yaxshi gapira olmayman. Unchalik yaxshi spiker emasman. Agar menga savol bersangiz, sizga o‘z hayotim tajribalarim haqida aytib berishim mumkin. Men boshqalarga o‘xshab ko‘p va chiroyli gapira olmayman. Yo ishlash, yoki gapirish kerak. Ikkisidan biri, to‘g‘rimi? Men ishlashni ma’qul ko‘raman. Jurnalistlarimiz juda ko‘p gapirishadi va savol berishadi. Men xato qilib noto‘g‘ri gapirib qo‘yishdan qochishga harakat qilaman», — dedi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev ham gapirib, ham ishlaydigan odamni ko‘rmaganini ta’kidladi.

«Bundaylar bormi? Men gapga usta emasman, shuning uchun nimadir noto‘g‘ri gapirib qo‘ysam ustimdan kulishadi, deb o‘ylayman. Lekin imkon qadar [nutq qilishga] harakat qilaman», — dedi hokim.

Festival qatnashchilaridan biri Toshkent hokimidan matematika, biologiya, fizika va boshqa fanlarga ixtisoslashtirilgan sinflari bo‘lgan xususiy maktab ochishda yordam berishni iltimos qildi. Hokim ushbu yigit bilan suhbatda avval xususiy maktab bo‘lgani aytdi, lekin hozir yo‘qligi, chunki davlat xizmatida ishlayotganini ta’kidladi. U bunday ta’lim muassasasini ochishda yordam berishga rozi bo‘ldi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev maktabda qaysi fanlarni o‘zlashtira olgani haqidagi savolga javob berar ekan, o‘quvchilar 3−4 mavzuni yaxshi darajada o‘rganishlari mumkinligini ta’kidladi. U: «maktabda hamma fanlarni o‘zlashtirganimda edi, hozir Elon Mask o‘rniga Tesla ishlab chiqargan, SpaceX raketalarini uchirgan bo‘lardim», — deya javob berdi.