O‘zbekiston Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasi hududida mehribonlik uylarining sobiq tarbiyalanuvchilari ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kaltaklangani va tahqirlangani holatini nazoratga oldi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Rasmiy bayonotda tez orada ushbu holatga qonuniy baho berilishi yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mehribonlik uylarining sobiq bitiruvchilari ularga Samarqand viloyati Qorasuv maskanidan uy-joy ajratilgani, biroq ular bu uylarning kreditga berilgani va har oy 2,5 mln so‘mdan to‘lab borish kerakligi haqida ogohlantirilmagani bois yordam so‘rab Toshkentga borgani, biroq Vazirlar Mahkamasi hududida IIO xodimlari tomonidan kaltaklangani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, ular Vazirlar Mahkamasining arizalar bo‘limi boshlig‘i yig‘ilganlarni haqoratlab, yetimligini yuziga solib, qancha bersa ham to‘ymaslikda va noshukurlikda ayblagani aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan, Toshkent shahar IIBB munosabat bildirib, vaziyat shahar IIBB rahbariyati tomonidan nazoratga olingani, xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.