24 may, dushanba kuni Malayziyada poytaxt Kuala-Lumpurdagi Petronas egizak minoralariga yaqin yer osti tunnelida ikkita metro poyezdi to‘qnashdi, 200 dan ortiq odam jarohat oldi deya xabar bermoqda Alghadeer TV.

Hodisa soat mahalliy vaqt bilan soat 20:45 atrofida sodir bo‘lgan. Rayon politsiyasi so‘zlariga ko‘ra, poyezdlardan biri yo‘lovchilarni olib ketayotgan bo‘lgan. Ikkinchisi esa sinov rejimida harakatlanib, bo‘sh bo‘lgan.

«Biz hodisa yuzasidan hanuzgacha tergov ishlarini olib bormoqdamiz… Ammo, ehtimol, poyezdlar harakatini boshqarish markazida tushunmovchilik sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin», — dedi rayon politsiyasi rahbari Mohamad Zaynal.

Hodisa natijasida 47 kishi og‘ir, 213 nafari yengil tan jarohati olgan.

Hukumat rahbari «nima bo‘lganligi sabablarini har tomonlama tekshirishni» talab qildi, xabar bermoqda TASS. Transport vaziri Vi Ka Sion «bu Malayziyada yengil temir yo‘l tizimining 23 yillik faoliyatidagi eng jiddiy voqea» ekanligini ta’kidladi.

Malayziya operatori Prasarana Malaysia xabar berishicha, seshanba kuni ertalab halokat sodir bo‘lgan metro liniyasida transport harakati qisman tiklangan, ammo poyezdlar bir tomonlama harakatlanmoqda.

May oyining boshida Meksikada metro ko‘prigi vagon bilan birga, uning ostida mashinalar harakati paytida qulab tushgan edi. Hodisa oqibatida 23 kishi halok bo‘lib, 70 ga yaqin odam jarohatlangan edi.