25 may kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtda bo‘lib o‘tayotgan «Besh tashabbus harakati» festivali doirasida yoshlar bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Yaqinda bir model o‘ylab chiqdik. Unga ko‘ra, hokimlik ishchilari umuman hokimlik binosida o‘tirishi noto‘g‘ri deb hisoblaymiz. To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham katta bir angarni ichida o‘tirishni xohlayapman. U yoshlar, umuman hammaning kirib chiqishi oson bo‘lgan joy bo‘lishi kerak», — dedi Ortiqxo‘jayev.

Shahar hokimi, shuningdek, Qozonga (Tatariston) borganidagi tassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Ta’kidlanishicha, u yerlarda katta-katta muzeylarda, istirohat bog‘larida rahbarlar yosh-yosh kadrlar ekan. U yerda ishga, tajribaga qarab lavozimni taqsimlab berishmas ekan. Tanlovlar o‘tkazib, kadrlar saralab olinar ekan.

«Bu model menga juda ma’qul bo‘ldi», — deydi u.

Hokimning aytishicha, 25 may kuni hokimlikda o‘tkazilgan yig‘ilishda shahardagi teatr, maydon, bog‘larni, muzeylarni, madaniyat saroylarini qayta rekonstruksiya qilish, ularni jozibador qilish, yoshlarga sharoit yaratish, IT mutaxassisi bo‘lgan yoshlar uchun ijaraga emas, bepul joylar ajratish, kovorking markazlarini yaratish masalasi muhokama qilingan.