Yevropa Ittifoqida 2021 yil yakuniga qadar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga tashrifi kutilmoqda. Tashrif doirasida yangi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim imzolanishi rejalashtirilgan, deb ma’lum qildi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian jurnalistlar bilan muloqot davomida.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim 1999 yildan beri hamkorlik va sheriklik borasida amalda bo‘lgan kelishuv o‘rnini egallaydi. Avvalroq, O‘zbekiston TIV Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston bitimni 2020 yilda imzolashi kutilgani, biroq COVID-19 pandemiyasi sabab muddatga o‘zgartirish kiritishga to‘g‘ri kelgani haqida xabar qilgandi.

«Mazkur bitimning asosiy bo‘limlari bo‘yicha amaliy ishlar o‘z yakuniga yetib qoldi. Biz bu jarayonni yil so‘nggiga qadar yakunlashga tayyormiz. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga tashrifi uchun yaxshi sabab bo‘ladi, deb hisoblaymiz», — dedi Piter Burian.

Maxsus vakilning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbarining tashrifini «katta sabrsizlik» bilan kutishmoqda. «Chunki bu ikki tomon hamkorlikni rivojlantirish masalasiga juda jiddiy yondoshayotganining muhim signalidir», — deya ta’kidladi elchi.

Diplomat O‘zbekistondagi islohotlar jarayoni Yevropa Ittifoqi va Toshkent o‘rtasidagi hamkorlikni sezilarli darajada kengaytirish imkonini berganini qo‘shimcha qildi. «Biz ushbu shartnomada barcha ilg‘or tajribalar va sohalarni aks ettirishga harakat qilamiz», — dedi Piter Burian.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim bo‘yicha muzokaralar 2019 yilning fevralidan boshlangan edi. Uchta raund (2020 yilning iyul va sentyabrida hamda joriy yilning fevralida) onlayn format bo‘lib o‘tgan.

Avvalroq, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati KSHHB 2021 yil yakuniga qadar imzolanishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.