Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida bir guruh tibbiyot xodimlarining majburiy ishga jalb qilingani aytilgan videolavha tarqaldi.

Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.

Ma’lum qilinishicha, o‘rganish davomida Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasining ishchi va xodimlari birlashmaning hovlisidagi yer maydonida gullar orasidagi begona o‘tlarni tozalash, ya’ni obodonlashtirish ishlariga majburiy tarzda jalb etilganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi xo‘jalik ishlari mudiri Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 51-moddasi 1-qismiga (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) asosan ba’zaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (12 mln 250 ming so‘m) miqdorida ma’muriy jarimaga tortildi.