Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida tramvay to‘xtab qolgani va yo‘lovchilar siljitib harakatga keltirayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Samarqand shahar hokimligi izoh berdi.

Ta’kidlanishicha, Samarqand shahri 1-sonli «Sattepo maskani-Temir yo‘l bekati» tramvay yo‘nalishining Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida elektr tarmog‘idagi qisqa uzilish sodir bo‘lgan. Natijada shu ko‘chadan kelayotgan 1012-sonli tramvay vagon Mirzo Ulug‘bek va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari chorrahasida harakatdan to‘xtab qolgan.

Yuzaga kelgan vaziyatni oldini olish hamda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida vagon ichida bo‘lgan yo‘lovchilar boshqa yo‘nalishdagi avtotransport vositalariga xalaqit qilmasligi uchun chorrahadan vagonni olishga yordamlashgan.

Ikki soat vaqt oralig‘ida elektr tarmog‘idagi uzilish holati tuzatilgan va 1012-sonli vagon ish faoliyatini davom etirgan.

«Bu vaqt oralig‘ida hech qanday noxush holatlar kuzatilmagan», — deyiladi xabarda.