23 may kuni kechqurun Toshkentda kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida shahar ko‘chalarini suv bosdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, kuchli yomg‘ir sabab Archa ko‘chada avtomashinalar «suzib yurgan».

Kuchli yomg‘ir oqibatida Toshkent ko‘chalarini to‘ldirgan yomg‘ir suvi yo‘lovchi avtobuslari ichiga ham kirib kelgan.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti talabalar yotoqxonasiga ham yomg‘ir sizib o‘tgani aytilmoqda.

Shuningdek, Toshkent teleminorasini chaqmoq urgani hamda teleminoraning eng yuqorisidagi O‘zbekiston bayrog‘i yonib ketgani to‘grisida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rasmiy axborot berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti vaqtida teleminoraga to‘g‘ridan to‘g‘ri chaqmoq urish hodisasi sodir bo‘lmagan, video olingan rakursdan chaqmoq urgani qayd etilgan bo‘lsa-da, aslida chaqmoq sodir bo‘lishi teleminoradan ma’lum bir masofada bo‘lib o‘tgan.

Ma’lumotga ko‘ra, Toshkent teleminorasining bayrog‘i yongan video ham yolg‘on xabar bo‘lib, teleminora bayrog‘i past qismidagi ogohlantiruvchi qizil chiroqlar shu’lasi bayroqqa tushib ushbu holatni aks ettirgan.

Toshkent teleminorasi kuchli chaqmoq urishiga qarshi himoya tizimi va yerga ulanish konturlari bilan ta’minlangan bo‘lib, chaqmoq urish xavfidan to‘liq himoyalanganligi aytiladi.

«Bugungi kunda Toshkent teleminorasida barcha texnik qurilmalar barqaror ishlayotgani va aholiga teleradiodasturlar uzluksiz tarqatib kelinmoqda», — deyiladi xabarda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, teleminoraga «haqiqatan ham chaqmoq urilgan», biroq buning oqibatida inshootga shikast yetmagan, teleminora odatdagi tartibda ishlamoqda.