Italiyaning shimolidagi Pemonte shahrida Majore ko‘li yaqinida kanat yo‘li bo‘ylab harakatlanib ketayotgan kabina arqondan uzilib, quladi. Bu haqda BBC News xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, kabina Streza kurort shahridan Pemontedagi Mottarrone tog‘iga odamlarni olib ketayotgan bo‘lgan va tik o‘rmonli qiyalikka qulab tushgan.

Qutqarish xizmati vakillarining so‘zlariga ko‘ra, jarohatlangan besh va to‘qqiz yoshli ikki bola vertolyotda Turindagi kasalxonaga yuborilgan. Keyinchalik 9 yoshli bola olgan jarohatlaridan vafot etgan. Ikkinchi bolada ko‘p sonli jaroxatlar aniqlangan.



Qutqaruvchilar qurbonlar soni aniqlanayotgani va ko‘payishi mumkinligi haqida ogohlantirishdi.

Avariyaning aniq sababi hozircha ma’lum emas, ammo guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, kabinalar mahkamlangan metall arqoni tog‘ning tepasigacha 300 metr qolganda uzilib ketgan.

Ma’lumotga ko‘ra, bunday kabinalar 40 yo‘lovchiga mo‘ljallangan, ammo hozirgacha qulagan kabinada qancha odam bo‘lgani aniq emas.

Qutqaruv xizmatiga signal yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan peshinda kelgan.

Voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar yerda pachoqlangan kabinani topishgan. U taxminan 20 metr balandlikdan qulab tushgani va bir necha marta ag‘darilib, daraxtlar tomonidan to‘xtab qolmasdan oldin qiyalikdan uchib tushgani aytilmoqda.

Italiya bosh vaziri Mario Dragi avariyani fojia deb atadi.

Ushbu kanat yo‘li 1970 yilda ochilgan va 2014−2016 yillarda ta’mirlash uchun yopilgan edi. Karantin cheklovlari bekor qilingandan keyin kanat yo‘li ochilganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi.